19:50 / 25.11.2019
0
4270

Is gazidan talofat ko‘rmaslik uchun nimalarga e'tibor qilish kerak - Samarqand FVB yo‘riqnoma ishlab chiqdi

Kunlar sovishi natijasida xonadonlar turlicha usullarda isitilishi va bu borada hamma ham xavfsizlik texnikasiga rioya qilmayotgani sababli kunora is gazidan zaharlanib, vafot etganlar haqidagi xabarlarga duch kelib turibmiz.

Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari L.To‘rayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, viloyat FVB aholi va hududlarni kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, turli favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida har kuni aholini turli vaziyatlardan ogohlantirish, qutqarish va yordam berish, shuningdek, targ‘ibot-tashviqot va tushunchalar berish bilan birgalikda aholi xonadonlariga uyma-uy kirib o‘zlarining amaliy yordamlarini ko‘rsatib kelishyapti. Shunga qaramay is gazidan zaharlanish kabi holatlar ro‘y bermoqda.

Eng achinarlisi — shuncha tushuntirish, ogohlantirishlarga qaramasdan turli ko‘ngilsiz vaziyatlar sodir bo‘lmoqda. Ayniqsa, kattalarning mas'uliyatsizligi va eng oddiy xavfsizlik qoidalariga amal qilmasliklari natijasida norasida bolalar va yordamga muhtoj qariyalar hayotdan ko‘z yummoqda. Ayrim joylarda butun oila a'zolari yorug‘ olamni tark etgani achinarli holat, albatta.

«Har birimiz o‘zimiz va yaqinlarimiz hayotiga befarq bo‘lmasak, tabiiy gazdan foydalanishda quyidagilarni e'tiborga olsak, o‘zimiz va yaqinlarimizni bevaqt o‘limdan saqlab qolamiz», deyiladi Samarqand VFB murojaatnomasida.

Murojaatnomada har bir kishi e'tibor berishi lozim bo‘lgan yo‘riqnomalar sanab o‘tiladi:

Birinchidan, o‘zboshimchalik bilan uyni gazlashtirish, gaz asbobi o‘rnini almashtirish, uni yangilash va tuzatish, rezina va polietilen quvurlardan foydalanmaslik;

Ikkinchidan, ko‘p qavatli xonadonlar gaz loyihasini o‘zgartirmaslik, gaz uskunalariga o‘zboshimchalik bilan texnik xizmat ko‘rsatmaslik;

Uchinchidan, dudburon va shamollatish tizimlarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirmaslik;

To‘rtinchidan, yosh bolalarni uyda qarovsiz qoldirmaslik;

Beshinchidan, gaz uskunalari o‘rnatilgan xonalarda uxlamaslik;

Oltinchidan, gaz uskunalaridan quritish va boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;

Yettinchidan, siqilgan gaz balonlardan uyni isitish va oshxonada ovqat tayyorlashda foydalanmaslik;

Sakkizinchidan, nosoz, qo‘lbola yasalgan va nostandart, sifat sertifikati hamda foydalanish qo‘llanmasi bo‘lmagan uskuna va jihozlardan foydalanmaslik hamda gaz so‘rgich (nasos)larni ishlatmaslik.

Hurmatli vatandoshlar! O‘zimiz va o‘zgalar hayotiga befarq bo‘lmaylik va yuqoridagi qoidalarga amal qilaylik. Zero, inson salomatligi va hayoti bebaho boylikdir.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top