00:51 / 26.11.2019
0
20618

Boeing 747 samolyoti 6 kilometr masofa uchib o‘tib, rekord o‘rnatdi

British Airways aviakompaniyasining Boeing 747 samolyoti ushbu turdagi samolyotlar uchun eng qisqa reysni amalga oshirdi. Bu haqda Daily Star nashri xabar berdi. 

Samolyot Uelsdagi Kardiff aeroportidan Seynt Atan harbiy bazasigacha 6,4 kmga yaqin masofani 9 daqiqada uchib o‘tgan. Samolyot 25 noyabr soat 11:09da parvozni boshlab, 1143 metr balandlikka ko‘tarilgan va dengiz tomon yo‘nalgan. So‘ngra ortiga burilib, pastlay boshlagan va soat 11:18da belgilangan manzilga qo‘ngan.

Bu kompaniyaning ushbu turdagi samolyoti uchun oxirgi parvoz bo‘lgan. Harbiy bazada samolyot bo‘laklab tashlanadi. 

Avvalroq British Airways o‘z flotidan barcha Boeing 747 samolyotlarini ko‘p miqdorda yonilg‘i sarflashi sababli sekin-asta foydalanishdan chiqarishini ma'lum qilgandi. Dastlab eng eski samolyotlar utillashtirishga jo‘natiladi, 2024 yilda esa aviakompaniya eng zamonaviy Boeing 747’larni foydalanishdan chiqaradi.

Avvalroq noyabrda Avstraliyaning Qantas Airlines aviakompaniyasi tarixdagi eng uzoq davom etgan reysni amalga oshirdi. Boeing 787-9 Dreamliner samolyotining Londondan Sidneyga parvozi 19 soat 19 daqiqa davom etgan. Bu vaqt ichida samolyotdagi 50 yo‘lovchi quyosh chiqishini ikki marta – Yevropa va Osiyoda ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top