21:25 / 26.11.2019
1
11717

Inflyatsion target nega 5 foiz etib belgilanganiga izoh berildi

26 noyabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 5 foizlik target (maqsad) qo‘yilayotganining sababi aytib o‘tildi.

«Target, ya'ni asosiy maqsadni har bir davlat o‘zining ma'lum bir omillarini hisobga olib belgilaydi. Buni biror joyda shuncha bo‘lsin degan, aniq yozib qo‘ygan qoidasi yo‘q», - deya Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Nima uchun 2023 yildan boshlab inflatsiya 5 foizlik target doirasida bo‘lishi maqsad qilindi?

«Biz uchun maqbuli 5 foiz. Nima uchun? Nima uchun 10 yoki 8 foiz emas? Agar biz yuqori darajada, masalan, 7 yoki 9 foiz deb belgilaydigan bo‘lsak, xohlaymizmi yoki yo‘qmi bu aholining inflyatsion kutilmalariga ta'sir qiladi. Demak, 10 foizgacha narx osharkanda degandek bo‘ladi. Bu o‘z-o‘zidan valuta kursiga ta'sir qiladi. Shu orqali belgilangan makroiqtisodiy o‘sishga zamin yarata olmaymiz. 

Asosiy savdo hamkorlarimizda, qo‘shnilarimizda inflatsiyani targetlash maqsadi 5 foizdan yuqori bo‘lmaganidan keyin [biz ham] yuqori targetni belgilay olmaymiz. Chunki inflatsiya maqsadi, darajasi qo‘shni davlatlardagidan yuqori bo‘lsa, o‘zaro savdoda taqqoslama, solishtirma ustunligimizni yo‘qotamiz. Bizda inflatsiya yuqori bo‘lib, ularda pastroq bo‘lsa, doimo valuta kursimizga o‘zining bosimini o‘tkazib boradi. Shuning uchun ham 5 foizlik inflatsiyaning maqsadi mana shu hisob-kitob, iqtisodiy tahlillarimizga asoslanib belgilandi», - deydi Mamarizo Nurmuratov

Matbuot anjumanida rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlardagi inflyatsion targetlashga oid ayrim ma'lumotlar keltirildi. Unga ko‘ra:

Xalqaro tajribada arksariyat

•  rivojlangan davlatlarda targeti 2 foiz,
•  rivojlanayotgan davlatlarda 3-5 foiz darajada belgilangan.

Asosiy savdo hamkor davlatlarda inflatsiya 5 foizdan yuqori emas. Xususan, mazkur ko‘rsatkich Rossiya Federatsiyasida 4 foiz, Qozog‘istonda 5 foiz, Qirg‘izistonda 2 foizni tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top