09:44 / 26.11.2019
1
53899

Milliy gvardiya bo‘linmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi e'lon qilindi

Foto: Norma.uz

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi e'lon qilindi.

Milliy gvardiya bo‘linmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilish uchun harbiy-kasbiy saralash tashkillashtiriladi.

Milliy gvardiyaga xizmatga kirish istagini bildirgan va saralashda ishtirok etayotgan fuqaro – Milliy gvardiyaga xizmatga nomzod hisoblanadi.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tanlov asosida o‘tkaziladi.

Saralash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:  

a) nomzodni dastlabki o‘rganish (hujjatlarni yig‘ish va o‘rganish, suhbat);

b) tibbiy ko‘rik;

v) psixologik o‘rganish (intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligi baholanadi);

g) jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

d) maxsus tekshiruv.

Milliy gvardiya uchun zarurat tug‘ilgan taqdirda ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan fan arboblari, madaniyat vakillari, so‘nggi besh yil davomida respublika miqyosidagi sport musobaqalarining g‘oliblari va xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida 1-3 o‘rinlarni egallagan sportchilari orasidan tanlangan nomzodlar faqatgina tibbiy ko‘rik va maxsus tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

 Muddatli xizmat harbiy xizmatchilardan tashqari, Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilinishi uchun nomzod doimiy yashash joyi bo‘yicha Milliy gvardiya bo‘linmalariga murojaat etadi. Agarda nomzod vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ta'lim muassasada o‘qiyotgan yoki rasmiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, unga ushbu joyda murojaat etishga ruxsat beriladi.

Saralashda o‘n sakkiz yoshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek qirq yoshgacha bo‘lgan muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar hamda rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar ishtirok etishlari mumkin.

Nomzodlarda boshqa davlat fuqaroligi bo‘lmasligi lozim. Nomzodlar o‘rta yoki o‘rta maxsus (kasb-hunar) yoxud oliy ma'lumotga ega bo‘lishlari lozim.

Erkaklar xizmatga kirguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni o‘tagan yoxud O‘zbekiston Ruspublikasi oliy ta'lim muassasalarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, shuningdek harbiy ro‘yxatda turgan bo‘lishlari kerak.

Nomzodlarning bo‘y-basti:

a) erkaklar uchun:

faxriy qorovul otliq askarlar eskadroniga – 175 santimetrdan past bo‘lmasligi;

Milliy gvardiyaning qolgan bo‘linmalariga – 185 santimetrdan past bo‘lmasligi;

b) ayollar uchun – 170 santimetrdan past bo‘lmasligi lozim.

Teng sharoitlarda ustunlik oliy ma'lumotga ega bo‘lgan, shuningdek axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yoki chet tilini chuqur egallagan nomzodlarga, bundan tashqari Milliy gvardiya Toshkent «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyining bitiruvchilariga beriladi.

Quyidagi holatlarda nomzodga, saralash o‘tkazilishining istalgan bosqichida Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilishga rad etiladi:

a) Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilish uchun umumiy talablarga mos kelmasligi;

b) uning kasbiy tayyorgarligiga mos keluvchi vakant lavozimlar mavjud bo‘lmaganda, shuningdek ayol nomzodlar uchun ayol harbiy xizmatchilar egallashi mumkin bo‘lgan vakant lavozimlar mavjud bo‘lgan taqdirda;

v) nomzodning o‘ziga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganda, unga nisbatan tergovga qadar tekshiruv, dastlabki tergov yoki surishtiruv olib borilayotgan, jinoiy ish sudda ko‘rilayotgan bo‘lsa (bu holatlarda nomzodni qayta ko‘rib chiqish jinoiy ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganidan so‘ng amalga oshiriladi);

g) jazo chorasidan va amnistiya qo‘llanilganidan qat'iy nazar sodir etgan jinoyati uchun ayblov hukmi mavjud bo‘lsa;

d) nomzod muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy xizmatchining nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatni sodir etgani yoki xizmat vazifasiga noloyiq bo‘lib qolganligi sababli bo‘shatilgan bo‘lsa;

ye) muddatli harbiy xizmatchini keyingi saralash tadbirlariga taqdim etish maqsadga muvofiq emasligi haqida harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan qaror qabul qilingan bo‘lsa;

j) uning jismoniy tayyorgarligi darajasi qoniqarsiz baholanganda yoki nomzod tomonidan jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tartibini buzgan holatlarda;

z) suhbat natijalariga ko‘ra, xizmatga qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb topilganda;

i) psixologik o‘rganish natijalari bo‘yicha “tavsiya etilmaydi” xulosasi olinganda yoki nomzod tomonidan psixologik o‘rganish tartibini buzgan holatlarda;

k) sog‘ligi holatiga ko‘ra Milliy gvardiya xizmatiga yaroqsiz yoki keyinchalik qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sharti bilan davolanishga muhtoj deb topilsa;

l) maxsus tekshiruv natijalariga ko‘ra, xizmatga qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb topilganda;

m) davlat siri bo‘lgan ma'lumotlar bilan ishlash uchun ruxsatnoma berish rad etilganda;

n) Milliy gvardiyaning quyidagi maxsus talablariga javob bermasa:

unga nisbatan yashash joyi yoki ish (xizmat) joyidan salbiy tavsifnoma mavjud bo‘lganda;

hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida nomzod o‘zi va yaqin qarindoshlari to‘g‘risida bila turib yolg‘on ma'lumotlarni berganida;

Milliy gvardiya va ushbu muassasa vakillarining qadr-qimmati va obro‘ e'tibori to‘g‘risida yolg‘on ma'lumotlar berganida;

alkogol ichimliklar, psixotrop yoki giyohvand moddalarga moyilligi bo‘lsa, shuningdek narkologik yoki ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari hisobida ro‘yxatda turgan bo‘lsa;

agarda u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilsa;

u tomonidan bir oydan uzoq vaqt davomida Milliy gvardiya vakillari bilan aloqani uzib qo‘yganida yoki kerakli hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortganida.

Milliy gvardiya bo‘linmalari komandirlari va boshliqlari har yili yanvar oyida Milliy gvardiya xizmatiga nomzodlarni qabul qilish uchun saralashni tashkillashtirish va o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.

Mazkur buyruqlar bilan nomzodlarni qidirish va o‘rganish ishlariga vijdonan yondashadigan va javobgarlik hissi yuqori bo‘lgan ofitserlar tayinlanadi. Tayinlangan ofitserlar buyruqda familiyasi bo‘yicha ko‘rsatib o‘tiladi. Ofitser yangi xizmat joyiga jo‘nab ketgan hollarda buyruqqa tegishli o‘zgartirish kiritiladi.

Shuningdek, mazkur buyruqlar bilan nomzodlarni dastlabki o‘rganish komissiyalari tashkil etiladi va nomzodlar uchun qabul kunlari belgilanadi.

Komissiya tarkibiga bo‘linma komandiri (boshlig‘i), uning o‘rinbosarlari, zarur mutaxassislar kiritiladi. Komissiya raisi bo‘linma komandiri (boshlig‘i), kotibi – kadr organi boshlig‘i hisoblanadi.

Nomzodlarni qidirish:

harbiy qismlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim va boshqarmalar, o‘rta-maxsus va oliy ta'lim muassasalari, tashkilotlar, korxonalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa joylardan;

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlarining tavsiyasi bo‘yicha;

Milliy gvardiya bo‘linmalariga xizmatga qabul qilish masalasi bo‘yicha murojaat etgan shaxslar orasidan amalga oshiriladi.

Milliy gvardiya bo‘linmalari hududiga kirish joylari Milliy gvardiya xizmatiga saralash tartibi, nomzodlarga qo‘yilgan talablar va dastlabki o‘rganish komissiyasining qabul kunlari ko‘rsatib o‘tilgan axborot stendlari bilan jihozlanadi.

Qabul kunlari quyidagi chora-tadbirlar o‘tkaziladi:

bo‘y-bastni o‘lchash;

hujjatlarni qabul qilish va o‘rganish;

jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

suhbat.

Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilish uchun umumiy talablarga muvofiq kelgan hollarda, nomzod Milliy gvardiya bo‘linmalariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilish to‘g‘risidagi ariza;

pasport nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);

tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);

FHDYo organlaridan ma'lumotnoma (tug‘ilganlik haqida guvohnomaga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan yoki almashtirilgan hollarda);

nikoh qayd etilganligi yoki bekor qilinganligi to‘g‘risida guvohnoma, farzandlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxalari;

yaqin qarindoshlarining (ota-ona, er-xotin, farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari) pasportlari va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari, nikoh qayd etilganligi yoki bekor qilinganligi, yaqin qarindoshlarining o‘limi haqidagi guvohnomalari nusxalari;

3 x 4 sm o‘lchamdagi oltita rangli fotosurat (bosh kiyimsiz), shuningdek 9 x 12 sm o‘lchamdagi ikkita fotosurat (bosh kiyimsiz);

yaqin qarindoshlarining ma'lumotlari bo‘yicha qo‘lda to‘ldirilgan anketa;

o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) va yashash joyidan tavsifnoma;

o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma'lumotni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (asli ko‘rsatilgan holda);

asli ko‘rsatilgan holda harbiy guvohnoma nusxasi;

yashash joyi bo‘yicha poliklinikadan belgilangan namunadagi sog‘lig‘ining holati haqida ma'lumotnoma;

asli ko‘rsatilgan holda mehnat daftarchasining nusxasi (agarda mavjud bo‘lsa).

Xizmatni o‘tash xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish maqsadida nomzoddan qo‘shimcha hujjat yoxud ma'lumotlar talab qilib olinishi mumkin.

Milliy gvardiyada xizmatni o‘tash istagini bildirgan muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchisi muddatli harbiy xizmat muddati tugashidan kamida uch oy oldin bevosita komandiri (boshlig‘i) nomiga bildirgi orqali murojaat etadi. Bildirgiga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar ilova etiladi.

Nomzodning arizasi (bildirgisi) o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatga olinadi.

Nomzod, muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lsa o‘zining arizasida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan bo‘shatilish sababini ko‘rsatib o‘tadi. Vazirliklar va idoralarning kadr organlaridan nomzodning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan bo‘shatilish sabablari va uning xizmat davridagi tavsifnomasi to‘g‘risida yozma ravishda aniqlik kiritilganidan so‘ng uni saralash tadbirlarida ishtirok etishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi. Xat yozishmalari Milliy gvardiya Kadrlar boshqarmasi orqali amalga oshiriladi.

Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash komissiya tarkibi tomonidan nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish metodikasi va baholash mezonlari asosida o‘tkaziladi.

Nomzod tomonidan jismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan hollarda uning ko‘rib chiqilishi rad etiladi.

Suhbat davomida komissiya tarkibi quyidagi tadbirlarni o‘tkazadi:

a) nomzodning hujjatlarini o‘rganadi;

b) nomzodni:

Milliy gvardiyaga xizmatga kirayotganlarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida;

harbiy xizmatchilarning imtiyozlari, huquq va majburiyatlari haqida;

xizmat sharoitlari, shu jumladan, huquqlarining xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq ravishda chegaralanganligi haqida;

nomzoddan xizmatga qabul qilish uchun moddiy rag‘batlantirish talab etilayotganligi to‘g‘risidagi har qanday holatlar yuzasidan axborot berishi kerakligi haqida xabardor etadi;

v) suhbat o‘tkazish va baholash mezonlari metodikasi asosida nomzodning intellektual rivojlanganlik va kasbiy tayyorgarlik darajasini o‘rganadi.

Komissiyaning har bir a'zosi o‘z fikrini quyidagicha ifoda etadi:

«Xizmatga qabul qilinishi yuzasidan roziman» yoki «Xizmat qabul qilinishi yuzasidan noroziman». Yakuniy qaror ko‘pchilik ovozi bilan quyidagicha xulosada qabul qilinadi, masalan: «Haydovchi lavozimiga xizmatga qabul qilinishiga munosib» yoki «Xizmatga qabul qilinishiga munosib emas».

Qabul qilingan qaror nomzodga e'lon qilinadi.

Kadr organi suhbatdan ijobiy o‘tgan nomzodning hujjatlarini ijro etish uchun qabul qiladi va uning jinoiy javobgarlikka tortilganligi holati mavjud emasligini tekshiradi, nomzodlar mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni har oyning 25 sanasiga Kadrlar boshqarmasiga taqdim etadi.

Muddatli harbiy xizmatchilar orasida nomzodlar mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ularning xizmati tugashidan kamida ikki oy oldin yuboriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top