18:30 / 26.11.2019
2
18592

Rossiya janubining «ko‘k-sariq poytaxti». Don bo‘yidagi ko‘rkam Rostov Kun.uz obektivida

Rossiya qanchalik ulkan mamlakat ekanini u yerga borgandan so‘ng yaxshiroq anglaydi kishi. Ha, Rossiya chindan oxiri ko‘rinmaydigan darajada katta. Bu davlatda har narsani topishingiz mumkin, baland binolar ham, bitmas-tuganmas yer osti boyliklari, million xil mashinalar, har xil millat odamlari, ammo ular orasida eng o‘ziga tortadigani Rossiya tabiati. Bu qadar go‘zal tabiatni boshqa yerda uchratish qiyin bo‘lsa kerak. Undan chiroyliroqlari ham bordir, lekin rus tabiati takrorlanmas go‘zalligi bilan odamni rom qiladi.

Rostovga yaqinlashar ekanmiz uchoqdayoq rus o‘rmonlarining bepoyonligini ko‘rdik. Rostovga safarimiz Platov nomidagi xalqaro aeroportdan boshlandi. JCh-2018 oldidan ochilgan aeroport juda chiroyli qurilgan. Aeroport Don kazaklaridan tarkib topgan askarlarning mashhur vakili bo‘lgan Matvey Platov sharafiga shunday nomlangan. Aeroport ichkarisida Lev Tolstoyning «Butun Rossiya kazaklar tomonidan qurilgan» degan gapi katta qilib yozib ham qo‘yilgan.

Platov aeroportini uning kiraverishida terilgan marmardan ham boshqalardan osongina ajratib olish mumkin. Unchalik gavjum bo‘lmagan aeroportda xalqaro reyslar unchalik ko‘p emas. Ammo Toshkentga haftada ikki marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys bor. Bu bejizga emas, shaharda o‘zbekistonlik muhojirlar talaygina. Aeroportdan kerakli manzilga yetib olish uchun Yandex taxi xizmatidan foydalandik. Shahar markazidan 50 kilomert uzoqlikda joylashgan aeroportdan shaharga borish arzon emasligi aniq edi. Biz «Rostov» ishtirokidagi o‘yinni ko‘rishga kelganimiz uchun «Rostov Arena» atrofida mehmonxona qidirishga qaror qildik.

Yandex bizni 1 250 rublga (taxminan 20 AQSh dollar) Levoberejnaya ko‘chasiga olib bordi. Shundoqqina Don daryosi va o‘rmonlar oldida joylashgan «Rostov Arena» yaqinidagi mehmonxonaga joylashdik. Oddiy, ammo barcha sharoitlarga ega mehmonxonani safarimiz davomida almashtirmadik. U yerda kuniga 3 500 rubldan to‘lab 10 kun turdik (umumiy 550 AQSh dollari). Bir kun Krasnodarga, bir kun Moskvaga borib kelganimizni hisobga olmasak, butun safarimiz Rostovda o‘tdi. Tezroq shaharni aylangimiz kelgani uchun charchagan bo‘lsak-da, mehmonxonaga joylashiboq Rostovni aylangani chiqdik.

Sherigim Muhammadjon qaysi shaharga bormasin birinchi navbatda qayerda Makdonalds borligini surishtiradi. Rostovdagi bizga eng yaqin Makdonalds qayerdaligini aniqlagach, u yerga qarab yo‘l oldik. Megamag degan savdo markazida odamning jonidan boshqa hamma narsani topish mumkin. Do‘kon emas, butun boshli shaharga o‘xshardi u. Borguncha yo‘ldagi o‘rmonlar, daryo va JCh-2018 arafasida tayyorlangan ajoyib detallarni suratga oldik. Quyida keltirilgan rasmlarni ko‘rib, ular bir kunda olinmaganini sezgandirsiz. Ha, suratlarni butun safarimiz davomida tayyorladik.

Rostovning asosiy go‘zalligi, shubhasiz, Don daryosi. Uning ulkanligidan daryo emas, dengiz deb o‘ylash ham hech gap emas. Daryo atrofi doim odamlar bilan gavjum. Undagi ko‘prikdan pastga tushadigan lift ham qo‘yilgan. Daryo bo‘yida xiyobon bor. Kuzda ayniqsa chiroyli bo‘ladigan xiyobon odamlar bilan gavjum. Daryoning narigi sohilida esa «Rostov arena» joylashgan. Tunda chiroqlari yoqilgan stadion shunchalik chiroyli ko‘rinadiki...

Sarlavhada Rostovni Rossiya janubining ko‘k-sariq poytaxti deb atadik. Bilasiz, «Rostov» klubining bayrog‘i aynan ko‘k-sariq rangda. Bu bejizga emas. Azaldan Don bayrog‘i ko‘k, sariq, qizil rangda bo‘lgan va Rostov oblastining bayrog‘ida bu an'ana saqlab qolingan. «Rostov» muxlislari ham klubni qo‘llab quvvatlayotganda «janub poytaxti», «ko‘k-sariqlar eng kuchli» deb olqishlaydilar. Darvoqe, sariq-ko‘k rang bugun Rossiya bilan unchalik yaxshi aloqada bo‘lmagan Ukraina bayrog‘ida ham tasvirlanganini bilasiz. Rostovliklar xuddi ukrainaliklar kabi «g‘», «h» harflarini ko‘p ishlatishi (rus tilida bunday tovushlar yo‘q)Rossiyaning bu hududi Ukrainaga yaqin ekanini eslatib turadi.

Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal. E'tiboringizga Rostov manzaralari tasvirlangan fotogalereyani havola qilamiz.

 

Muhammadjon G‘aniyev, O‘tkir Jalolxonov. Kun.uz muxbirlari

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top