07:55 / 27.11.2019
10
135225

MIBning vakolatlaridan biri qisqartirildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Aholining ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, “O‘zsuvta'minot” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilmoqda va uning ustav kapitali Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining davlat unitar korxonalari ustav kapitalidagi davlat aktivlari va ulushlarini topshirish hisobiga shakllantiriladi, shuningdek, ushbu korxonalar mas'uliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tuziladi.

2020 yil 1 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining ko‘rsatilayotgan suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning to‘liqligi va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash, iste'molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha funksiyalarini “O‘zsuvta'minot” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi sifatida qayta tashkil etiladi, amaldagi vazifa va funksiyalarni, shuningdek, moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda vazirlik tarkibiga o‘tkaziladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top