11:30 / 27.11.2019
0
6017

Putin va Zelenskiy dekabrda Parijda yuzma-yuz uchrashishi mumkin

9 dekabrda Parijda Donbass bo‘yicha “normand to‘rtligi” sammiti doirasida Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning alohida uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda “Kommersant'” nashri vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi. 

Parijda Rossiya, Ukraina, Germaniya va Fransiya yetakchilari Ukraina sharqidagi ixtilofni tartibga solish maqsadida 2016 yildan beri ilk bor uchrashadilar.  

Manbalardan birining xabar berishicha, Zelenskiy uchrashuv vaqtida Moskvada 2020 yilda o‘tadigan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi nishonlanishiga taklif etilishi mumkin.

Putin “normand to‘rtligi” doirasida 2016 yilda Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko bilan ham uchrashgan. O‘shanda ikki yetakchi o‘rtasidagi suhbat 40 daqiqadan ko‘proq davom etgan.

Tomonlar “normand to‘rtligi”ning navbatdagi uchrashuvida Donbassdagi ixtilofni tartibga solish bo‘yicha qadamlar belgilanib olinadigan hujjatni qabul qilishlari kutilmoqda.

Ta'kidlanishicha, Moskva va Kiyev o‘rtasida Donbassdagi vaziyatdan tashqari muhokama qilish uchun yana talaygina masalalar bor. Jumladan, Rossiya va Ukraina o‘rtasida hozirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaaloqa yo‘q. Shuningdek, ikki davlat hududi ustidan o‘zaro parvozlar taqiqlangan. Biroq eng o‘tkir muammolardan biri – gaz masalasi bo‘lib, Ukraina orqali Rossiya gazini Yevropaga tranzit qilish muammosi hamon yechimini topmagan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top