08:01 / 27.11.2019
0
11263

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklandi 

Foto: iStock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Aholining ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining suv ta'minoti va suv chiqarish tizimini rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda:

respublikaning Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta'minlashning yagona markazlashtirilgan tizimini yaratish, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish;

respublika suv ta'minoti korxonalari negizida suv ta'minoti va suv chiqarish tizimlari obektlarini ekspluatatsiya qilishda yagona operator funksiyasini bajarishni amalga oshiradigan alohida korporativ tuzilmani tashkil etish;

respublikaning suv resurslarini boshqarish tizimini avtomatlashtirishni va ushbu sohadagi barcha biznes jarayonlarini raqamli formatga o‘tkazishni ta'minlaydigan “Raqamli suv ta'minoti korxonasi” tizimini joriy etish;

soha korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashni amalga oshirish maqsadida investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb etish;

zamonaviy talab va standartlarni hisobga olgan holda soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish.

Vazirlik Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta'minlashni muvofiqlashtirish sohasida, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi va uning zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

suv balansining yagona axborot tizimini yaratgan holda Yagona davlat suv fondi suvlarining miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida vakolatli organlar va tashkilotlarning ma'lumotlarini to‘plash, umumlashtirish va tizimlashtirish orqali respublikaning yagona suv balansini shakllantirishni tashkil etish;

suvni hisobga olishning holati, uning xavfsizligi va sifatini ta'minlash to‘g‘risida vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilayotgan ma'lumotlarning ishonchliligi monitoringini o‘tkazish, zarur bo‘lganda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;

Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta'minlash bo‘yicha vakolatli organlar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

toza ichimlik suvining strategik zaxiralarini yaratishni tashkil etish, shu jumladan, katta hajmdagi zaxira manbalarini barpo etish;

suvdan foydalanish sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni, shu jumladan, suvning miqdori va sifatini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni muvofiqlashtirish, ularning respublika suv balansining yagona axborot tizimiga integratsiyalashuvini ta'minlash.

Vazirlikning markaziy apparati tarkibiga Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta'minlash, respublikaning yagona suv balansini shakllantirish, shuningdek, suv ta'minoti va suv chiqarish tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni tashkil qilish va muvofiqlashtirishga mas'ul bo‘lgan vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top