22:20 / 28.11.2019
19
31854

«Bu – tabaqalanishning ko‘rinishi, qarshimiz», «Biz yoqlaymiz» - Partiyalar OTMga kirishdagi imtiyozlar bo‘yicha ikki xil fikrda

Bugun, 28 noyabr kuni Toshkentdagi «Zarafshon» Media Xollida siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida «Oliy ta'lim tizimi: mavjud muammolar va ularni hal qilish yo‘llari mavzusida «Demokratik debat» tok-shousining navbatdagi soni suratga olindi. 

Unda so‘nggi yillarda oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun turli imtiyozlar berish foizi ortib borayotgani, bu imtiyozlar OTMga belgilangan umumiy kvota ichida hisoblanishi va buning natijasida imtiyozga ega bo‘lmagan yoshlar o‘qishga kirolmay qolib ketayotgani masalasi ko‘tarildi hamda partiyalar vakillaridan holatni o‘zgartirish uchun qanday takliflar borligi so‘raldi.

Bu masala bo‘yicha birinchi bo‘lib «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Farxod Ishankulov so‘z oldi. 

«Biz oliy ta'lim muassasalariga kirishda barcha uchun teng imkoniyat bo‘lishi tarafdorimiz. 

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvotalar belgilanishi kerak, ammo u umumiy kvotadan tashqari bo‘lishi kerak. Chunki men sanagan qatlam vakillariga ham ko‘mak berish lozim», dedi u.

O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi kotibiyati rahbari Nuriddin Murodov fikrini qisqacha ifodaladi: «Biz liberallar oliy ta'limdagi har qanday imtiyozdan voz kechib, tizimda adolatli raqobat muhitini yaratish tarafdorimiz».

Milliy tiklanish partiyasi vakili, pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyevaning fikricha, davlat tomonidan OTMga kirish uchun beriladigan kvotalar soni oshirilayotgani pedagoglar orasida erkaklar sonini oshirish maqsadi bilan bog‘liq.

«Hozirgi kunda umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun o‘qituvchilar yetishmaydi, shu jumladan, erkak o‘qituvchilar. Bizning buyuk ma'rifatparvarlarimiz, pedagoglarimiz kim edi? Behbudiy, Abdulla Avloniy, Fitrat... lekin bugun erkak o‘qituvchilarni topish qiyin.

Shuning uchun ham men OTMda, jumladan, pedagogika universitetlarida kvotalar soni oshishini qo‘llab-quvvatlayman», deydi u.

Ekologik partiya Markaziy kengashi ijro qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidrasul Sanginov kvotalar kam sonli toifadagilar uchun saqlanib qolishi kerak deb hisoblaydi.

«Imtiyozlar masalasida jahon tajribasi ham, milliy tajribamiz ham bor.  

Imtiyozlar ijtimoiy himoyaga muhtojlar va turli olimpiada g‘oliblari uchungina saqlanib qolishi kerak. Boshqa turdagi imtiyozlarga biz mutlaqo qarshimiz», deydi u.

Xalq demokratik partiyasi vakili Omilxon Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, partiya maqsadli qabullar saqlanib qolishini yoqlaydi.

«Imtiyozlar jamiyatda alohida yordamga muhtoj qatlam: nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy himoyaga muhtojlar uchun saqlab qolinishi kerak. Ammo shu bilan birga, bu kvotalar umumiy kvotadan tashqari hisoblanishi zarur.

Boshqa holatlarda imtiyozlar berilishiga umuman qarshimiz. Bu jamiyatda notenglik va tabaqalanishni keltirib chiqaradi.

Bu borada maqsadli qabullar masalasiga ham to‘xtalib o‘tish kerak. O‘zbekistonda shunday hududlar borki, bunday joylarda kadrlar yetishmaydi, ya'ni, maoshini baland qilib qo‘ysang ham hech kim borib dars bermaydi. Bunday joylar uchun o‘sha hudud yoshlari uchun maqsadli qabullar, albatta, kerak», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi «Demokratik debat»lar O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil qilinmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top