09:41 / 28.11.2019
2
9690

O‘zbekistonda MChJlarga obligatsiya chiqarishga ruxsat berilishi mumkin

Foto: Dreamstime

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi korporativ obligatsiyalar chiqarishni cheklovchi normalardan voz kechish va mas'uliyati cheklangan jamiyatlarning obligatsiyalar chiqarishiga ruxsat berish tarafdori. Agentlik tomonidan ushbu masalada tayyorlangan qonun loyihasi hozirda belgilangan tartibda Oliy Majlisga kiritildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
 
Hozirgi vaqtda korporativ obligatsiyalarni faqat aksiyadorlik jamiyatlari va tijorat banklari chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha emitentga qo‘yilgan qonuniy talablar uni moliya jalb qilishda hatto ko‘pgina aksiyadorlik jamiyatlari uchun ham keraksiz vositaga aylantirib qo‘ygan.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda quyidagilar taklif qilinadi:

1. Mas'uliyati cheklangan jamiyatlarga (MChJ) tashqi auditorlik, moliyaviy hisobot, ma'lumotlarning oshkor etilishi va aksiyadorlik jamiyatlari uchun talab qilinadigan boshqa talablar qo‘yilgan holda obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish.

2. Chiqarilayotgan obligatsiyalar hajmini kompaniyaning ustav kapitali doirasida belgilash, ularni chiqarishda garov talab qilinishi, uch yillik ijobiy moliyaviy hisobot va reytinglarga ega bo‘lish talablarini olib tashlash.

3. Talablarning mavjud tendensiyalarga tez moslashishi va o‘larga o‘z vaqtida o‘zgartirish va to‘ldirishlar kiritib borish maqsadida korporativ obligatsiyalar chiqarish shartlarini va talablarni belgilash vakolatini Qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga (Kapital bozorini rivojlantirish agentligi) berish.

«Obligatsiyalar bozori biznes uchun moliyalashtirishni jalb qilishda munosib alternativa bo‘lishi, aholi va investorlar uchun esa bo‘sh mablag‘larini investitsiya qilishida foydali vosita bo‘lishi kerak. Obligatsiyalarni chiqarishda keraksiz cheklovlarning bekor qilinishi biznesni rivojlantirish yoki qayta tashkil etish uchun qo‘shimcha mablag‘ga muhtoj ko‘plab kompaniyalarning imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Korporativ obligatsiyalar chiqarish kredit bank resurslarini jalb qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan kompaniyalar uchun yagona alternativa bo‘lishi mumkin, masalan, garov ta'minoti yo‘qligi yoki etishmasligi tufayli », - dedi Agentlikning kapital bozorini tahlil qilish va qonunchilikni takomillashtirish boshqarmasi rahbari Tursun Mahkamov.

Shuningdek, ushbu qonun loyihasida xolding kompaniyalarini soliqqa tortish tartibiga qo‘shimchalar kiritish taklif etiladi. Xususan, sho‘'ba korxonalarining dividendlari sifatida olingan mablag‘larni, shuningdek, xoldinglarning sho‘ba korxonalari aksiyalarini (ulushlarini) sotishdan tushgan pul mablag‘larini Xoldingning umumiy daromadi sifatida ko‘rib chiqmaslik taklif etiladi.

Xolding kompaniyalari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish nafaqat milliy xolding kompaniyalariga bo‘shatilgan mablag‘larni ishlab chiqarishning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga yo‘naltirish, balki o‘z mablag‘larini respublikamiz hududidan boshqaradigan va boshqaradigan xolding kompaniyalar sonini oshirishga ham yordam beradi.

Qonunning qabul qilinishi mamlakatda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilashga, respublika iqtisodiyotiga aholi va investorlarning bo‘sh mablag‘larining keng va faol jalb qilinishiga xizmat qiladi va shu bilan real sektor korxonalarining davlat kafolati va bank kreditlariga  bog‘liqligini kamaytiradi (bank sektoriga yuk kamayadi), shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki qisqaradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top