14:55 / 28.11.2019
0
15341

Yangi Uy-joy kodeksi loyihasi e'lon qilindi

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi Uy-joy kodeksi loyihasi e'lon qilindi.

Uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlari fuqarolar, yuridik shaxslar, davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi masalalar bo‘yicha munosabatlarini tartibga soladi:

turar joylarga mulk huquqining yuzaga kelishi, o‘zgartirilishi va bekor qilinishi;

uy-joy fondidagi turar joylar va umumiy mulkdan foydalanish;

binolarni turar joylar va noturar joylar toifasiga kiritish;

uy-joy fondini hisobga olish;

turar joylarni saqlash va ta'mirlash;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish;

fuqarolarning uy-joy huquqlariga rioya etilishi va uy-joy fondidan maqsadli foydalanish ustidan nazorat qilish.

Uylarni qurish, turar joylarni qayta qurish va o‘zgartirish, muhandislik qurilmalaridan foydalanish, kommunal xizmatlar bilan ta'minlash bilan bog‘liq munosabatlar ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Agar qonunda yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining qoidalari chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi uy-joy munosabatlariga nisbatan qo‘llaniladi.

 Uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar uy-joy munosabatlari uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, yerga oid qonun hujjatlari hamda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ana shu munosabatlarni tartibga solishga taalluqli qismi qo‘llaniladi.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

Uy-joy daxlsizdir.

Ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa maqsad, hamda sud tartibi va sud qaroriga asoslangan hollardan tashqari, hech kim qonuniy asoslarga ko‘ra ushbu uyda yashovchilarning roziligisiz ushbu uy-joyga kirishga haqli emas.

Qonuniy asoslarga ko‘ra ushbu uyda yashovchilarning roziligisiz uy-joyga kirishga, faqatgina fuqarolar hayoti va/yoki mol-mulkini asrab qolish, avariyaviy holatlar, tabiiy ofat, halokat, ommaviy tartibsizliklar va favqulodda xarakterdagi boshqa hollarda ularning shaxsiy xavfsizligi yoki jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida, shuningdek jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxslarni qo‘lga olish, sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish yoki sodir etilgan jinoyat yoki yuzaga kelgan baxsiz hodisaning sabablarini aniqlash maqsadida qonunda ko‘zda tutilgan holat va tartibda yo‘l qo‘yiladi. 

Hech kim uy-joydan ko‘chirilishi yoki uning uy-joydan foydalanish huquqi, shuningdek kommunal xizmatlardan foydalanish huquqi cheklanishi mumkin emas, toki bu holat ushbu Kodeks, va boshqa qonunlar bilan nazarda tutilmagan bo‘lsa.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uy-joy munosabatlarini tartibga solish sohasida quyidagi vakolatlarni amalga oshiradi:

uy-joy fondining davlat tomonidan hisobini olib borish tartibini belgilaydi;

ko‘p kvartirali uyda umumiy mulkni texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va me'yorlarini o‘rnatadi;

turar joy binolarini asrash, ko‘p kvartirali uylarda bino egalariga tegishli umumiy mulkni asrashga bo‘lgan talablarni, shuningdek ularning nogironlar uchun berilish sharoitlarini ta'minlash tartibini o‘rnatadi;

ijtimoiy himoyalanmagan va kam ta'minlangan aholi tabaqalarini ijara shartnomalari asosida beriladigan uy-joyga muhtojligini e'tirof etish asoslarini aniqlaydi;

ijara shartnomalari asosida kam ta'minlangan fuqarolarga munitsipal uy-joy fondidan turar joylarni berish/ajratish tartibini belgilaydi;

uy-joy fondidan turar joylarni berish/ajratish maqsadida fuqarolarning boshqa toifalarini aniqlaydi;

maqsadli foydalanishdagi kommunal uy-joy fondi ijara shartnomalari bo‘yicha turar joylar bilan ta'minlash asoslari va tartibini belgilaydi;

davlat va munitsipal uy-joy fondidan ixtisoslashtirilgan turar joylarni ijara shartnomalari asosida berish/ajratish uchun asoslarni aniqlaydi;

turar joylarni yashash uchun nomaqbul deb tan olish uchun asos va tartibni belgilaydi;

uy-joy munosabatlari masalalari yuzasidan joylardagi davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi uy-joy munosabatlarini tartibga solish sohasida quyidagi vakolatlarga ega:

uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini yuritadi;

ko‘p kvartirali uylardan va ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalaridan foydalanish hamda ularni saqlash bo‘yicha tizimli ishlarni samarali tashkil etadi;

ko‘p kvartirali uylarning texnik holati monitoringini o‘tkazish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

ko‘p kvartirali uylarni saqlash, ulardan foydalanish talablariga va foydalanish xarajatlarini aniqlash talablariga, ko‘p kvartirali uylardan texnik jihatdan foydalanish qoidalari va normalariga, ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini sanitariya normalariga, qoidalariga hamda gigiyena normativlariga muvofiq saqlash talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

ko‘p kvartirali uylarni mavsumiy foydalanishga o‘z vaqtida va sifatli tayyorlaydi;

novatorlik faoliyatini va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashadi;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining hisobini va ularning faoliyati bo‘yicha hisobotlarni yuritish uchun axborot tizimlari hamda axborot resurslarini joriy etadi;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining ko‘p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq faoliyati to‘g‘risidagi axborotni vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi va yangilab turadi;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha axborot va maslahat yordami ko‘rsatadi;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining faoliyatini huquqiy hamda uslubiy jihatdan ta'minlaydi;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda ko‘p kvartirali uylarni boshqarishning zamonaviy shakllari va usullarini ishlab chiqadi hamda joriy etadi;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish kurslarini tashkil etadi;

boshqaruvchi tashkilotlarning mansabdor shaxslarini va boshqaruvchilarni, shirkatlar boshqaruvi raislarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda ularga ko‘p kvartirali uylarni boshqarish uchun malaka sertifikatini beradi;

ko‘p kvartirali uylarni yashash uchun yaroqsiz deb e'tirof etadi;

uy-joy fondidan foydalanish va uning butligini ta'minlash borasida monitoring olib boradi.

Ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

Joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining uy-joy munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosini ta'minlash;

uy-joy fondini va kommunal obektlarni boshqarishni tashkil etish;

ijtimoiy foydalanishdagi uy-joy fondidagi turar joylarga muhtoj bo‘lgan fuqarolar hisobini olib borish;

tekinga beriladigan munitsipal turar joyga muhtoj bo‘lgan fuqarolar hisobini olib borish (yetim-bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, internat bitiruvchilari, ma'lum yashash manziliga ega bo‘lmagan fuqarolar);

munitsipal, bozor (tijorat) va notijorat (ijara shartnomalari bo‘yicha) ijaradagi uy-joylarni qurish;

uy-joylarni muhandislik kommunikatsiyalariga majburiy ulash sharti bilan kam ta'minlangan fuqarolar uchun uy-joylarning ekspluatatsiyaga berilishi ustidan nazoratni ta'minlash va shaxsiy javobgarlikka ega bo‘lish;

kommunal xizmatlar, yoki hududiy (viloyat, tuman, shahar, qishloq) maqomidan qat'iy nazar ularning bo‘limlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan muhandislik kommunikatsiyalarini yaratish bo‘yicha nazoratni ta'minlash;

fuqarolarga taqdim etiladigan resurslar hisobi ustidan nazoratni ta'minlash, shu jumladan, ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlarni hisoblash uskunalarini o‘rnatib berish;

o‘z tasarrufidagi hududda kommunal xizmatlarga oid tarif siyosatini belgilangan tartibda shakllantirish;

uy-joy fondini monitoring qilish;

davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va fuqarolarga ijara shartnomasi shartlari asosida berish davlat uy-joy fondidagi turar joylarni ulardan belgilangan maqsadda foydalanish uchun yuridik shaxslarga arenda shartnomasi shartlari asosida berish;      

uy-joy fondidan foydalanilishi va uning asralishi, aholiga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar sifati ustidan nazoratni ta'minlash;

aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam ta'minlangan toifalari orasidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish hamda ularni aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan uy-joy bilan ta'minlash;

fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam ta'minlangan toifalari uchun uy-joy qurish;

uy-joy quruvchilarga uy-joy qurish uchun, shuningdek uy-joy mulkdorlarining shirkatlariga doimiy foydalanishga belgilangan tartibda yer uchastkalari berish;

uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatuvchi kommunal xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va transport infratuzilmasi obektlarining lozim darajada saqlanishi hamda rivojlantirilishini ta'minlash;

davlat uy-joy fondining turar joylarini bronlashtirish va almashtirish;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uy-joy munosabatlarini tartibga solish sohasida:

fuqarolarga uy-joy fondidan foydalanishda hamda uning saqlanishini ta'minlashda ko‘maklashadi;

kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati ustidan, qurish va uy yon atrofini saqlash qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;

kam ta'minlangan oilalar, yetim-bolalar, ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar, shuningdek tabiiy ofatlar va texnogen xarakterdagi favqulodda holatlardan aziyat chekkan fuqarolarning maishiy-uy-joy sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida tegishli organlarga takliflar kiritadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top