18:20 / 29.11.2019
1
71854

Me'da qaynashi: qachon chidash mumkin-u, qachon shifoxonaga shoshilish kerak?

Jig‘ildon qaynashi xavfli bo‘lishi va o‘zida jiddiy kasalliklarni yashirishi mumkin. Asosiysi, ularni o‘z vaqtida aniqlash. 

Me'da qaynashi nima va uning alomatlari qanday?

Me'da qaynashi (jig‘ildon qaynashi, zarda) — oshqozon ichidagilar qizilo‘ngachga yetganda sodir bo‘ladigan jarayon. Oshqozonda kislotali me'da shirasi mavjud. U ovqatni hazm qilish uchun kerak. Ushbu sharbatning ma'lum bir qismi qizilo‘ngachgacha yetganda yoqimsiz kuyish, achishish hissi paydo bo‘ladi. Aytish mumkinki, qizilo‘ngach oshqozon kislotasini yondirib yuboradi. 

Odatda oshqozon tarkibidagi moddalarni uning maxsus klapani (sfinkter) tashqariga chiqarmaydi. Ammo ba'zida uning faoliyatida uzilishlar yuz berishi mumkin. 

Oshqozondan qizilo‘ngachga kislotaning kirib borishi gastroezofageal reflyuks deb ataladi, xalq tilida esa jig‘ildon qaynashi deb yuritiladi.

U ko‘krak qafasi o‘rtasida yonish hissi va og‘izda yoqimsiz nordon ta'm sezilishi bilan namoyon bo‘ladi. Egilish yoki yotish holatida yanada kuchayadi. Ba'zida hiqichoq, og‘izdan noxush hid yoki qorin sohasida noqulaylik bilan birga kechadi. 

Me'da qaynashi nega paydo bo‘ladi?

Jig‘ildon qaynashi vaqti-vaqti bilan har bir odamda kuzatilib turadi. Bu unchalik ham dahshatli holat emas. Ehtimol, yoqimsizlik kuzatilar. Quyida zarda qaynashini qo‘zg‘atuvchi ba'zi omillarni keltiramiz: 

  • Ovqat va ichimliklar. Masalan, qahva yoki gazli suv, yog‘li va achchiq taomlar. 
  • Homiladorlik. Hatto shunday atama ham bor - homilador ayollardagi me'da qaynashi. Bu ayollarda o‘sayotgan bachadon tufayli organlarning joylashuvi o‘zgarishi bilan bog‘liq. 
  • Vazn orttirish, chekish va alkogol. Ha, bu uchala zararli odatlar jig‘ildonga ham ta'sir ko‘rsatadi. 
  • Ba'zi dori vositalari. Agar dori-darmonlarni qabul qilish natijasida zarda kuzatilsa, shifokoringiz bilan gaplashing. U dori vositasini muqobiliga almashtirishi yoki jig‘ildon qaynashidan xalos bo‘lish uchun qo‘shimcha dori vositasini yozib berishi kerak. 
  • Stress va xavotirga berilish.

Me'da qaynaganda nima yordam beradi?

Birinchidan, ovqatlanish odatlarini o‘zgartirishingiz kerak. Kamroq va tez-tez taomlaning, shunda kichik qismlar «ortga qaytib chiqmaydi». Sog‘lom ovqatlanishga amal qiling va qahvaga bog‘lanib qolmang.

Ikkinchidan, uni keltirib chiqargan omillardan xalos bo‘lishimiz lozim. Masalan, vazn yo‘qotishni boshlang va chekishni tashlang. 

Uchinchidan, siz yotoq holatini biroz o‘zgartirishingiz mumkin. Ya'ni, yotganingizda boshingiz oyog‘ingizdan o‘n santimetr balandroq joylashsin. Shunda me'da shirasi qizilo‘ngachga «to‘kilmaydi». Hech bo‘lmaganda, tomoqqacha kelmaydi. 

Me'da qaynaganda qanday dorilar kerak bo‘ladi?

Jig‘ildon qaynashini bartaraf etish uchun foydalaniladigan dorilar antatsidlar deb ataladi. Ular qizilo‘ngach va oshqozon devorlarini kislota bilan shikastlamasliklari uchun o‘rab olishadi. Haftada ikki martadan ko‘proq uchraydigan va doimiy ravishda aziyat beruvchi me'da qaynashi boshqacha nomlanadi. Katta ehtimol bilan, uning nomi GERK (gastroyezofagial reflyuks kasalligi). Shifokor tomonidan maxsus kuchli dorilar yordamida davolanadigan nisbatan jiddiyroq holat. Bu kabi vositalar (proton pompasi ingibitorlari yoki H2-retseptorlari blokerlari) oshqozonda kislota ishlab chiqarilishini kamaytiradi. 

Xalq tabobatida mashhur bo‘lgan bir stakan sut yoki eritilgan soda kabi retseptlar ham yordam beradi, ammo unchalik samarali emas. Shunday qilib, agar sizda me'da qaynashiga moyillik bo‘lsa, dori qutingizda antatsidlarning birortasi bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, hech kim xalq davolanish usullarini tekshirib ko‘rmagan va ular bilan tajriba qilmaslik yaxshiroqdir. 

Me'da qaynashi xavfi nimada?

Asosan, uni jiddiyroq bo‘lgan boshqa kasalliklar bilan adashtirib yuborish mumkin. Masalan, oshqozon yoki qizilo‘ngach yarasi, saraton kasalligi yoki hatto infarkt bilan — uning ko‘rinishlaridan biri aynan ko‘krak qafasida yonish hissi bilan namoyon bo‘ladi. 

Shu sababli, agar zarda tez-tez takrorlansa yoki boshqa alomatlar bilan birga kechsa (yutinish qiyinligi, ishtaha yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi), shifokorga murojaat qilish zarur. Balki, oshqozon-ichak trakti holatini tekshirish zarur bo‘lishi mumkin. Yoki hatto gastrit yoki oshqozon yarasini davolashga ehtiyoj tug‘ilar. Bundan tashqari, tez yordam chaqirishga kech qolmaslik uchun yurak xuruji alomatlari bilan tanishib chiqing.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top