11:05 / 29.11.2019
0
12039

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuv o‘tkazdi

Toshkentda o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi doirasida 29 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevni O‘zbekistonga tashrifi bilan samimiy qutlab, unga O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari yetakchilari uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi.

Birgalikdagi sa'y-harakatlar tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi an'anaviy yaqin munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, aniq amaliy mazmun bilan boyidi.

Elboshi Nursulton Nazarboyev, o‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk bor 2018 yil Ostona (ayni paytda – Nur-Sulton) shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda hamda sheriklikning amaliy loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydon bo‘lmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid, shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov bilan ham uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Turli darajalardagi aloqalar faollashgani, tovar ayirboshlash ortayotgani, gumanitar almashinuvlar jadallashgani alohida ta'kidlandi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Tomonlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Toshkentdagi maslahat uchrashuvi mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish hamda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdilar.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top