15:38 / 30.11.2019
0
5131

Alisher Kurmanov iqtisodiy zonalardagi muammolarni ma'lum qildi

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlisi Senati yalpi majlisi davomida senator Alisher Kurmanov Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakiliga savol berish asnosida iqtisodiy zonalarda kuzatilayotgan muammolarni ma'lum qildi. 

“Yil davomida joylarga chiqib, vaziyatni o‘rgandik, mansabdor shaxslar, iqtisodiy zona rahbarlari bilan uchrashdik. Afsuski, bir muammo namoyon bo‘lib qoldi. Ko‘p hollarda bu odamlarni maxsus investitsiyalar bilan ishlash, iqtisodiy zonalarni yuritish ko‘nikmalari yo‘qligi aniqlandi. Ba'zi bir holatlarda na chet tillarini bilishadi, na muzokaralarni olib borish xususiyatlariga ega.

Vaholanki, davlat dasturida davlat xizmatchilarini tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida nazarda tutilgan edi. 

Agar bizda shunday tizim mavjud bo‘lsa, nima uchun bu tizimning unumdorligi sezilmayapti. Agar yo‘q bo‘lsa, jiddiy savol nima uchun yo‘q?” - deya savol berdi Alisher Kurmanov. 

Bunga javoban, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Nozim Xolmurodov bugungi kunda mamlakatda 21ta erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritayotgani, erkin iqtisodiy zonalar rahbarlarining malakasini oshirishda birinchi navbatda vazirlik tomonidan asosiy e'tibor xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rganishga qaratilgani, rahbarlarning bu boradagi malakalarini oshirish maqsadida vazirlik qoshida trenerlarni jalb qilgan holda kurslarni o‘tkazish maqsadida o‘quv markazi tashkil etilgani va vazirlik tomonidan ana shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan boshqa ishlarni ma'lum qildi. 

Senat raisi Tanzila Norboyeva bu masala haqiqatan ham dolzarb ekani, prezident tomonidan hozirda xorijdan juda katta investitsiyalar olib kelinayotgani, biroq bizda sharoit bo‘lmagani, ishlashni bilmaganlik tufayli investorlarning O‘zbekistondan ketib qolayotgani, shuning uchun ham ayniqsa hududlarda mazkur masalaga jiddiy e'tibor berish kerakligini ta'kidladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top