13:59 / 30.11.2019
0
11817

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalar murojaatiga munosabat bildirdi

Kun.uz saytida «Samarqandlik bo‘lajak agronomlar va mexanizatorlar arosatda: ularga va'da qilingan universitet filiali hamon ochilmadi» sarlavhasi ostida material e'lon qilingan edi.

Unda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining «Iqtisodiyot va agrotexnologiya» fakulteti 3- va 4-bosqich talabalari murojaati keltirilgan. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati ushbu materialga o‘z munosabatini bildirdi.

«Samarqand Veterinariya meditsinasi instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi PQ–3703-son qaroriga asosan, Samarqand Qishloq xo‘jaligi instituti negizida tashkil etilgan. Maqsad veterinariya va chorvachilik sohasi uchun yangi, zamonaviy bilimlarga ega oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni mazkur ta'lim dargohining barcha sohalariga tatbiq etishdan iborat.

Talabalar murojaatida qayd etilgan, ya'ni Prezidentning «Toshkent Davlat agrar Universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha fikr bildirish va buni izohlash institut rahbariyati vakolati doirasidan tashqaridagi holat, deb hisoblanadi», deyiladi munosabatda.

Bildirilishicha, Samarqanddagi MAN-Auto zavodida ishlab chiqarish amaliyotida ishtirok etish bugun ham muammo emas, amaliyotda qatnashish mumkin. Ammo zavodda ishlab qolish uchun talaba o‘zining iqtidori va bilimi bilan buni isbotlashi kerak.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi instituti banklar uchun mutaxassislar ham tayyorlamagan. Murojaatda qayd etgandek, institut mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasi uchun — agronomlar va mexanizatorlar tayyorlagan.

«Agar Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali tashkil etilsa, bunga institut o‘zidagi bor imkoniyatlari bilan ko‘maklashishga tayyor, xuddi institutning Nukus filiali tashkil etilgandek.

Yangi filial tashkil etilishi hukumat qarori asosida amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha to‘langan to‘lov-kontrakt summalari SamVMI tomonidan yangi filialga hech qanday muammo va e'tirozlarsiz o‘tkazilib beriladi.

Talabaning asosiy vazifasi o‘qib-o‘rganishdan iborat bo‘lishi kerak. Ularning Samarqand qishloq xo‘jalik institutiga o‘qishga qabul qilinib, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti diplomiga ega bo‘lishi kelgusidagi ish faoliyatiga salbiy ta'sir qilishi haqidagi da'volari noto‘g‘ri. Ta'lim muassasasi diplomi kishi faoliyati davomida muhim rol o‘ynamaydi, muhimi kasbning haqiqiy egasi bo‘lish, ya'ni mutaxassislikni to‘liq egallash. Hayotda o‘z o‘rningiz va o‘z joyingizni topish faqat o‘zingizga bog‘liq.

Barchamiz hukumatning bu boradagi qarorini kutishga majburmiz. Kelgusidagi faoliyatimiz ana shu qaror asosida bo‘ladi», - deyilgan munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz tahririyatiga Samarqand veterinariya meditsinasi institutining barcha tugatilayotgan fakultetlari 3–4 bosqich talabalari tomonidan murojaat kelib tushdi.

Murojaat mazmuniga ko‘ra, Samarqand veterinariya meditsinasi institutining barcha tugatilayotgan fakultetlarining 3–4-bosqich talabalari arosatda qolishgan. Ular qishloq xo‘jaligi institutiga hujjat topshirib, veterinariya meditsina oliygohini tamomlashga majbur bo‘lishmoqda. Bir qator yo‘nalishlarda o‘qigan talabalar yangi institut diplomi bilan ishga joylashish qiyinligini aytishmoqda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top