22:00 / 02.12.2019
4
30433

1 yanvardan markazlashgan issiqlik ta'minoti xizmatlariga yillik to‘lov bekor qilinishi mumkin

Bugun, 2 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Issiqlik ta'minoti tizimini takomillashtirish va issiqlik ta'minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va «Toshissiqquvvati» DUK mutasaddilari ishtirokidagi tadbirda vazirlik bo‘lim boshlig‘i Abdulaziz Matro‘ziyev issiqlik ta'minoti uchun to‘lovlar tarifi o‘zgarishi bo‘yicha izoh berdi.

«Prezidentning «Issiqlik ta'minoti tizimini takomillashtirish va issiqlik ta'minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandan keyin to‘lovlar tarifi bo‘yicha e'tirozlar bildirildi. Bunda ko‘pchilik tomonidan issiqlik ta'minoti uchun narxlar oshadi, deya noto‘g‘ri talqin qilindi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

To‘lovlar tarifi o‘zgarmaydi, aksincha tizim optimallashtiriladi. Hozirgacha fuqarolar isitish tizimi uchun oldindan yillik to‘lov amalga oshirib kelishmoqda. Isitish muddati har yili mavsumga qarab o‘zgaradi. 2018-2019 yillarda bu mavsum 135 kun, 2017-2018 yil 148 kun davom etgan.

Ko‘rib turganingizdek, vaziyat turlicha. Fuqarolarimiz nima uchun isitish ta'minoti berilgan kunlar uchun ham to‘lov qilamiz, deya ko‘p bora savol berishadi. Shuni inobatga olib, yangi qaror loyihasida tarif siyosati ishlab chiqildi. Unda hozirgidan farqli ravishda fuqarolar endi faqat foydalanilgan isitish ta'minoti uchungina oyma-oy to‘lov amalga oshirishlari mumkin. Bunda issiqilik ta'minoti berilgan muddatiga - 148 kun uchun (taxminan 5 oy) to‘lov tarifi belgilandi. Bu muddat mavsumga qarab o‘zgarishi mumkin. To‘lovlar ham shunga monand bo‘ladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Matro‘ziyevning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi tizimda 1 m2 uchun 1772 so‘m to‘langan bo‘lsa, yangi tarif bo‘yicha 1 m2 uchun 143 so‘m etib belgilanadi. Tariflardagi narxlar saqlanib qolganiga sabab to‘lov tarifi bilan  yetkazib berish xarajatlari o‘rtasidagi tavofut respublika va mahalliy budjetdan ajratilgan qariyb 233 mlrd. 200 mln. so‘m hisobiga qoplanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top