18:20 / 02.12.2019
0
9530

MIB aholining elektr va gaz to‘lovlarini o‘zlashtirgan pochta bo‘limi xodimlariga jinoyat ishi ochdi

Aholi o‘zi iste'mol qilayotgan tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun joylardagi pochta aloqa bo‘linmalarida ham hisob-kitoblarni amalga oshiradi. Biroq tizimda ishlayotgan ayrim nopok xodimlar aholining kommunal to‘lovlari uchun to‘lagan pullarini talon-toroj qilishmoqda.

Majburiy ijro byurosining Boyovut tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «O‘zbekiston pochtasi» AJ Sirdaryo viloyat filiali Boyovut tumanlararo pochta bo‘limi xabarchilari xizmat mavqeidan foydalanib, firibgarlik va rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish jinoyatlarini qasddan sodir qilgani aniqlandi. Bu haqda MIBning Sirdaryo bo‘limi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

Jumladan, pochta aloqa bo‘limi xodimlariga fuqarolar tomonidan elektr energiya to‘lovi uchun 149ta holatda 17 217 000 so‘mlik, tabiiy gaz to‘lovi uchun 17ta holatda 3 450 000 so‘mlik to‘langan jami 166ta holatda o‘zgalarning 20 667 000 so‘mlik pul mablag‘lari hisobotlarga kirim qilmaslik yo‘li bilan o‘zlashtirib yuborilgan.

Misol uchun, Boyovut tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasining «Taraqqiyot» pochta aloqa bo‘limi boshlig‘i Sh.B. xabarchisi I.G.dan fuqarolar tomonidan elektr energiyasi to‘lovi uchun 38ta kvitansiyada 6 607 000 so‘mlik, tabiiy gaz to‘lovi uchun 12ta kvitansiyada 3 000 000 so‘mlik jami 50ta holatda 9 607 000 so‘m to‘langan pullarni olib, Sh.B.ning ixtiyorida bo‘lgan o‘zgalarning 9 607 000 so‘mlik pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosining Boyovut tuman bo‘limi tomonidan «O‘zbekiston pochtasi» AJ Sirdaryo viloyat filiali Boyovut tumanlararo pochta aloqa bo‘limi xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top