13:20 / 03.12.2019
0
17817

O‘zbekiston aeroportlar boshqaruvini Sumitomo Corporation’ga topshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda

Foto: KUN.UZ

Joriy yil 3 dekabr kuni investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi qator ilg‘or yapon kompaniyalari – Mitsubishi Corporation kompaniyasining katta vitse-prezidenti va ijrochi direktori K.Ota, Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasi katta vitse-prezidenti K.Terasava hamda Sumitomo Corporation kompaniyasining boshqaruvchi ijrochi direktori T.Akimoto bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasi hozirda ammiak va karbamidni yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obektini qurishda ishtirok etmoqda – kompaniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuv loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan qator amaliy masalalarni ko‘rib chiqishga, ularning ehtimoliy yechimlarini muhokama qilishga va kelgusi munosabatlar algoritmini ishlab chiqishga imkon yaratdi, deyiladi vazirlik xabarida.

Sumitomo Corporation kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda hududiy aeroportlarni modernizatsiya qilish va ularni boshqarish, sanoat va transport-logistika infratuzilmasi obektlarini tashkil qilish hamda quyosh, shamol va issiqlik elektrostansiyalarni qurish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirishda sherikchilik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, loyihaoldi takliflarni (Pre-FEED) ishlab chiqish borasida texnik hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar kelishuvlarning texnik va moliyaviy qismlarini tezkor ishlab chiqish va Yaponiyaga kutilayotgan yuqori darajadagi tashrif doirasida imzolash uchun aniq kelishuvlarni shakllantirish maqsadida, birgalikda olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishga kelishib oldilar.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top