14:00 / 04.12.2019
0
3638

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks loyihasi ishlab chiqildi

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF–5635-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 44-bandi bandi ijrosi doirasida tayyorlangan.

Mazkur Kodeks loyihasi bilan quyidagilar belgilanmoqda:

  • birinchidan, ma'muriy huquqbuzarliklar sub'yekti sifatida yuridik shaxslarning javobgarlik doirasi nazarda tutilmoqda;
  • ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklarni ma'muriy huquqbuzarliklar tizimidan chiqarilib, tadbirkorlik huquqiy ta'sir choralarini samarli qo‘llash maqsadida ishlarni ko‘rib chiqishni «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonun doirasida amalga oshirish taklif etilmoqda;
  • uchinchidan, ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritishda ma'muriy organlar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan huquqbuzarliklarda korrupsiyaviy omillarni kamaytirish maqsadida huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlari kamaytirilib, qat'iy ko‘rinishda belgilanmoqda;
  • to‘rtinchidan, ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan jismoniy shaxslarni qonun hujjatlariga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash maqsadida ma'muriy jazo turlari safiga majburiy jamoat ishlari kiritilmoqda;
  • beshinchidan, ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritishning protsessual tartibi takomillashtirilib, bunda protsess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini maqbullashtirish, jarima jazosini ixtiyoriy ijro etishni rag‘batlantirishning differensial tartibini joriy etish, shuningdek ma'muriy javobgarlikka tortishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar toifasini maqbullashtirish ko‘zda tutilmoqda;
  • oltinchidan, ayrim ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ma'muriy organlar tomonidan ko‘rib chiqilishini joriy qilish orqali ma'muriy sudlarning ish hajmi kamaytirish taklif etilmoqda;
  • yettinchidan, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ma'muriy organlar tomonidan soddalashtirilgan tartibda ko‘rish, jumladan ma'muriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish nazarda tutilmoqda;
  • sakkizinchidan, takroriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikning umumiy mexanizmi kiritilmoqda.

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi Kodeks loyihasi joriy yilning 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish uchun (regulation.gov.uz ID–10756) joylashtirildi.

Loyiha qabul qilinishi natijasida ma'muriy huquqbuzarliklar sohasiga taaluqli bo‘lgan barcha o‘zgartirishlarni, shu jumladan qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmini qonunchilik darajasida mustahkamlash ta'minlanadi.

Taklif etilayotgan Kodeks loyihasining qabul qilinishi bilan ma'muriy huquqbuzarliklar yuzasidan ish yuritish tizimi takomillashtirilib, mazkur ish yuritish tizimidagi ortiqcha tartib-taomillar bekor qilinadi, ma'muriy huquqbuzarlik yuzasidan jazoga tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat berish tartib taomillari takomillashtiriladi hamda ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga erishiladi.

Adiba Safarova

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat

tadqiqot instituti bosh maslahatchisi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top