13:34 / 05.12.2019
2
45391

Qozog‘iston OAV: Sirdaryoda suv sathi xavfli darajaga yaqinlashmoqda

Foto: Ekspress K

Sinoptiklar Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida Sirdaryo daryosidagi suv sathi ko‘tarilgani to‘g‘risida ogohlantirish e'lon qilishdi. Bu haqda Today.kz xabar bermoqda.

«Sirdaryo daryosining Josali irmog‘idagi gidrologik postda kuzatilayotgan muz qatlamlari sababli suv sathi xavfli darajaga yaqinlashmoqda. Soat 08:00 holatiga ko‘ra suv sathi darajasi - 638 santimetr. Xavfli ko‘rsatkich - 665 santimetr (suvning chiqishi). Kritik belgi - 770 santimetr (aholi punktini suv bosishi)», - deya xabar berishgan Qozog‘iston Gidrometeorologik markazida. 

Qayd etilishicha, bundan keyin ham suv sathining ko‘tarilishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun: Sirdaryo - O‘rta Osiyodagi eng uzun va Amudaryodan keyingi eng sersuv daryo hisoblanadi. O‘zbekistondagi eng katta ikki daryolaridan biri. Sirdaryo O‘zbekistonning shimoliy chegarasidan oqib o‘tib, Orol dengiziga quyiladi.

Geografik joylashuvi - Farg‘ona vodiysining sharqiy chekkasida, Baliqchi qishlog‘i yonida Norin daryosi bilan Qoradaryo qo‘shilgan joydan Sirdaryo deb ataladi. O‘zbekistonning Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo viloyati, Tojikistonning So‘g‘d viloyati va Qozog‘istonning Janubiy Qozog‘iston va Qizilo‘rda viloyatlari bo‘ylab avval g‘arb, janubi-g‘arb tomon, so‘ngra esa shimol, shimoli-g‘arbga oqib borib, Orol dengiziga quyiladi.

Uzunligi - 2272 km, Norin daryosining boshlanish joyidan —3018 km. Daryo havzasining maydoni taxminan 462 000 kvadrat km, uning asosiy suv hosil bo‘ladigan qismi esa 219 000 kvadrat km.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top