14:06 / 07.12.2019
3
24978

39ta yo‘nalishda yilning eng yaxshi shifokorlari aniqlandi

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida tibbiyotning turli yo‘nalishlarida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi shifokori” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligi arafasida o‘tgan ushbu tadbir Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ochib, tadbir ishtirokchilari va tanlov g‘oliblarini qutladi. 

So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, so‘nggi uch yilda ushbu yo‘nalishda 170 dan ziyod huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Sohani moliyalashtirish hajmi ham bir necha barobarga oshirildi. Masalan, 2017 yilda sohaga 7,1 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2019 yilda sohaga 12,1 trillion so‘m yo‘naltirildi. Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar hamda tibbiyot obektlarini qurilish-ta'mirlash ishlariga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 3 barobarga ortdi.

Keyingi yillarda mamlakatda zamonaviy tibbiyotning muhim yo‘nalishi bo‘lgan tibbiy-profilaktika xizmatini rivojlantirishga e'tibor tobora kuchaymoqda. Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan soha — shoshilinch va “tez yordam” xizmatining faoliyati ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish borasida ham keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda qo‘llanilayotgan ilg‘or innovatsion tibbiy texnologiyalarni mamlakat tibbiyotida joriy etishga ham alohida ahamiyat berilyapti. So‘nggi uch yil ichida mamlakat tarixida birinchi marta buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha eng murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgani bunga misol ekani aytiladi.

Tibbiyot tizimida erishilayotgan bunday natijalar aholi salomatligini mustahkamlash, onalar va go‘daklar o‘limini keskin kamaytirish, xalqning sog‘lom va uzoq umr ko‘rish ko‘rsatkichini yaxshilashga zamin bo‘lmoqda. Tibbiyot tizimida erishilayotgan bunday yutuqlar zamirida sog‘liqni saqlash tizimida fidokorona xizmat qilayotgan shifokorlarning o‘ziga xos hissasi bor. 

Prezident joriy yil Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigida bu jihatlarga alohida e'tibor qaratib, “Biz sizlarning timsolingizda xalq salomatligi yo‘lida o‘z halovatidan kechib, kunni tunga ulab, fidokorona mehnat qilayotgan sharafli kasb egalarini ko‘ramiz”, deya shifokorlarning el salomatligini asrash yo‘lida olib borayotgan ishlariga munosib baho berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan an'anaviy tarzda o‘tayotgan “Yilning eng yaxshi shifokori” tanlovi ham tibbiyot xodimlarining mehnatini qadrlash, ularni munosib rag‘batlantirish, tizimda orttirilgan ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirishda muhim o‘rin tutmoqda. Tanlov bu gal har yilgidan ko‘ra ham yuqori saviyada va keng miqyosda o‘tkazildi. Bu yil birinchi marta 39 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. 

Joriy yilda tanlovda tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda ilk bor tibbiyot ilm-fani rivojiga munosib ulush qo‘shayotgan olimlar, tadqiqotchilar hamda farmatsevtika sohasi vakillari ham ishtirok etdi. Ya'ni, “Yilning eng yaxshi professori”, “Yilning eng yaxshi izlanuvchi-tadqiqotchisi”, “Yilning eng yaxshi ilmiy xodimi”, “Yilning eng yaxshi dotsenti”, “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” nominatsiyalarida tibbiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha samarali izlanish olib borayotgan, tibbiy ta'limda yaxshi natijalarga erishayotgan olimlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar rag‘batlantirildi.

Tadbirda tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov g‘olib va sovrindorlari “Sog‘liqni saqlash a'lochisi” ko‘krak nishoni, diplom, statuetka, esdalik sovg‘alar va pul mukofoti bilan taqdirlandi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top