18:02 / 08.12.2019
0
27420

Xitoyda Shavkat Mirziyoyev haqida kitob nashr etildi

Pekindagi Xitoy xalqaro muammolar akademiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqida xitoy tilida chop etilgan kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

«Prezident Mirziyoyev - O‘zbekistondagi islohotlar davrining me'mori» nomli asar XXR Tashqi ishlar vazirligining Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi muvofiqlashtiruvi ostida «Xalqaro hayot» nashriyoti tomonidan chop etildi.

Asarda Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston buguni va ertangi kuni haqidagi strategik qarashlari, uning Markaziy Osiyo mintaqasida ShHT hamda Yevroosiyo hududida xavfsizlik va taraqqiyot ta'minlanishida tutayotgan faol o‘rni o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, O‘zbekiston taraqqiyotining o‘suvchanligi, so‘nggi uch yil ichida mamlakat ichki va tashqi siyosatida ro‘y bergan e'tiborga sazovor o‘zgarishlar ham xitoylik kitobxonlarning e'tiboriga havola qilingan.

Bundan tashqari mualliflarning O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichda yanada chuqurlashtirish bo‘yicha konseptual g‘oyalari ham aks etgan.

Kitob mualliflari orasida tadqiqot tizimlarining xalqaro reytingida yetakchi o‘rin tutadigan Xitoy Xalq Respublikasida faoliyat ko‘rsatuvchi nufuzli tahliliy-ilmiy markazlar rahbarlari hamda ekspertlari, jumladan, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligining Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi va boshqa qator ilmiy markazlarning yetakchi tahlilchilari mavjud.

Taqdimot marosida Xitoy Xalq Respublikasining rasmiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-akademik doiralari, Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Pekinda akkreditatsiyadan o‘tgan bir qator diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etdilar. 

Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi prezidenti Tsi Chjenxun marosimni ochar ekan, O‘zbekiston yetakchisi mamlakatning uzoq muddatli rivojlanishidagi asosiy vazifalarni belgilab bergani va ular 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi keng ko‘lamli islohotlar dasturining asosini tashkil etishini ta'kidladi.

«O‘zbekistonda ro‘y berayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar sababi «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun», «Odamlar ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi» singari inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatga sodiqlik bilan izohlanadi, – dedi u. – Bunday tamoyillar davlat va jamiyatni tizimli isloh qilish maqsadida O‘zbekiston yetakchisi olib borayotgan ichki siyosatning asosini tashkil etadi.

XXR hukumatining Yevroosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey o‘z chiqishida Prezident Shavkat Mirziyoyev uzoq istiqbolda ko‘zlangan puxta strategiyani ishlab chiqqani xususida to‘xtalar ekan, islohotlar O‘zbekistonni taraqqiyot va farovonlik sari dadil yetaklab borayotganini ta'kidladi. U qisqa davr oralig‘ida O‘zbekiston ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgani, mamlakatda har kuni emas, balki har soatda ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, shu bois Markaziy Osiyoda va umuman jahonda O‘zbekistonning obro‘-e'tibori tobora yuksalib borayotganini e'tirof etdi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining birinchi bosh kotibi, XXR Tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Chjan Deguan keyingi yillar davomida O‘zbekiston prezident Mirziyoyev rahbarligida jadal rivojlanayotgani xususida to‘xtalib, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot vositasida inson manfaatlarini ta'minlash borasida izchil va diqqatga molik o‘zgarishlarga erishilayotganini aytdi.

Xitoylik siyosatchi «Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil O‘zbekistondagi o‘zgarishlar asosini tashkil etishini, bu XXR Raisi Si Tszinpinning «Markaziy o‘ringa xalqni qo‘yish zarur, xalqning yaxshi hayot uchun intilishlarini doimo ro‘yobga chiqarish zarur» degan fikriga hamohangligini qayd etdi.

Xitoy Tijorat vazirligi Yevroosiyo departamenti direktorining o‘rinbosari Lyu Syuesun esa o‘z chiqishida O‘zbekistondagi islohotlar berayotgan salmoqli samaralar haqida atroflicha to‘xtaldi. U O‘zbekistonning o‘rni xalqaro reytinglarda tobora yuqorilab borayotganini hamda islohotlar iqtisodiy muhit va sarmoyaviy iqlimning tobora jozibali bo‘lishiga xizmat qilayotganini ta'kidladi.

O‘zbekistonning Xitoydagi favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov o‘z chiqishida taqdimot marosimining ishtirokchilarini samimiy qutlar ekan, Chin yurtida «Prezident Mirziyoyev – O‘zbekistondagi islohotlar davrining me'mori» kitobi chop etilishidagi tashabbuslari va tashkilotchiliklari uchun Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi va uning Yevroosiyo instituti, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi, Sharqiy Yevropa va Osiyo instituti, XXR Davlat Kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy rivojlanish institutining Taraqqiyot tadqiqotlari markazi va Xitoy Xalq universiteti jamoalari a'zolariga minnatdorlik izhor etdi.

O‘zbekiston elchisi mamlakatning mintaqaviy siyosati Markaziy Osiyoda strategik jihatdan keskin o‘zgarishga yuz tutgan muhitni yaratgani xususida so‘zlab, respublika so‘zda emas, balki amalda mintaqani barqarorlik, rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirish uchun mustahkam poydevor qo‘yilishida tashabbuskor mamlakat sifatida ishtirok etayotganini ta'kidladi.

«Jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi hayotga tatbiq etilayotgani bundan dalolat beradi. 2019 yil 29 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi uchrashuvi oliy darajadagi mintaqaviy muloqotni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi», dedi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari.

Taqdimot marosimida, Xitoy Xalq-siyosiy maslahat kengashi a'zosi, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi maslahatchisi Tszi Chjiye, ShHT tadqiqotlar markazi direktori Den Xao, Yevroosiyo instituti direktori Li Tszigo va boshqa qator olim hamda tahlilchilar ham so‘zga chiqdi. 

Spikerlar O‘zbekiston prezidentining ochiq, tashabbuskor va konstruktiv siyosati tufayli qisqa muddat oralig‘ida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan faol va samarali muloqoti ravnaq topganini, o‘zaro aloqalar shunga monand ravishda tobora rivojlanayotganini qayd etdilar. Jumladan, suvdan foydalanish, chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish, transport qatnovlari, savdo-iqtisodiy aloqalar, mintaqalararo hamkorlik va boshqa o‘ta muhim masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli qarorlar qabul qilingani bu fikrning yaqqol dalili ekanligi ta'kidlandi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar tomonidan «Prezident Mirziyoyev – O‘zbekistondagi islohotlar davrining me'mori» nomli asar Xitoyning siyosatni shakllantiradigan, ilmiy, akademik va ekspert doiralari vakillari uchun O‘zbekistondagi zamonaviy islohotlarni hamda bu jarayonlarning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik va taraqqiyotning uzoq muddatli istiqbollariga strategik ta'sirini chuqur idrok etish nuqtayi nazaridan muhim ko‘makdosh bo‘lib qolishiga umid bildirildi.

Taqdimot chog‘ida, shuningdek, Toshkent amalda Afg‘onistonning qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy va mintaqalararo aloqalariga jalb qilinishi tashabbuskori bo‘lib qolgani, O‘zbekiston prezidentining «Barqaror va farovon Afg‘oniston – Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikning garovidir. Afg‘onistonning tinchlik yo‘liga o‘tishi ko‘p jihatdan uning iqtisodiy rivojlanishiga bog‘liqki, bunda mintaqa mamlakatlari ishtirok etishlari mumkin va zarurdir», degan fikrlari tilga olindi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 yanvardan Xitoy fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejim joriy etiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top