15:40 / 09.12.2019
0
12819

Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga QQS bo‘yicha eslatma bilan chiqdi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi qator hollarda yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarning QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarning bekor qilinishi to‘g‘risida eslatma bilan chiqdi.

Jumladan:

joriy soliq davrida uch oydan ortiq QQS bo‘yicha soliq hisobotlarini taqdim etmaslik;

joriy soliq davrida olti oydan ortiq muddat davomida moliyaviy-xo‘jalik faoliyati va bank hisobvaraqalari bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirmaslik hamda QQS hisobotlarini nol ko‘rsatkichlar bilan taqdim etish;

sud QQS to‘lovchisini soxta yoki qalbaki bitimlar tuzgan yoxud soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullangan deb topsa (sud tomonidan aniqlangan jinoiy faoliyat boshlangan paytdan boshlab guvohnoma bekor qilinadi);

kameral nazorat jarayonida bank operatsiyalari xo‘jalik yurituvchi sub'yekt faoliyati xususiyatiga va turiga, shuningdek, sotib olingan va realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomenklaturasi (assortimenti) muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda;

soliq nazorati jarayonida soliq to‘lovchi tomonidan amalga oshirilgan bitim (operatsiya)ning asosiy maqsadi – QQS summasini to‘lamaslik yoki hisobga olish bo‘lsa hamda bitim (operatsiya) bo‘yicha majburiyat soliq to‘lovchi bilan tuzilgan shartnomaning tarafi bo‘lmagan shaxs yoxud bitimni (operatsiyani) bajarish majburiyati shartnoma yoki qonun bilan belgilanmagan shaxs tomonidan bajarilganligi aniqlansa.

Yuqoridagi mezonlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 1 404 ta yuridik shaxslarga ilgari berilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi to‘g‘risidagi guvohnomalar bekor qilingani aytiladi.

Ro‘yxatga olinishi shart bo‘lgan, biroq QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan shaxs qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda QQS to‘lovchisiga aylanadi va QQSni hisobga olish huquqisiz belgilangan tartibda QQSni to‘laydi. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxsda QQS bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilgan kundan boshlab QQS summalarini hisobga olish huquqi paydo bo‘ladi.

QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan yoki QQS to‘lovchisi guvohnomasi bekor qilingan, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchilar, yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan QQS summasini hisobga olishga haqli emas.

QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va QQS to‘lovchisining guvohnomasi bekor qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining saytida joylashtirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top