13:45 / 14.12.2019
0
12956

Ruslanbek Davletov: «Sudlarning ish yuklamalarini kamaytirish kerak»

Foto: KUN.UZ

Sudlarning ish yuklamalarini kamaytirishda mediatsiya instituti eng maqbul yo‘llardan biri. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Senatning yalpi majlisida senatorning notarius xodimlariga mediatorlik vazifasini bajarish vakolati berilishini amalga oshirish mexanizmi to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

“Mediatsiya bugungi kunda rivojlantirish kerak bo‘lgan soha. Sudlarda juda katta ish yuklamasi mavjud. Bir oyda bitta fuqarolik sudyasi hozir kamida 120ta ish ko‘rib chiqyapti. Bu haddan ziyod raqam. Iqtisod sudi sudyalari ham xuddi shunday - 110tadan kam bo‘lmagan ishlarni ko‘rib chiqyapti. Demak, biz sudlarning ish yuklamalarini kamaytirishimiz kerak. Mediatsiya instituti eng yaxshi maqbul yo‘llardan biri.

Bugungi kunda qonun qabul qilingan va kuchga kirgan. Notariatga keladigan bo‘lsak, notariuschilar oliy yuridik ma'lumot, uch yil stajga ega bo‘lgan, juda katta imtihonlardan o‘tgan shaxs hisoblanadi. Mansabdor shaxs bo‘lganidan keyin tegishli ko‘nikmalari shakllangan bo‘ladi.

Mulk, meros masalalari bo‘yicha bo‘ladigan nizolarning oldini olish bo‘yicha katta tajribasi bor.  Shuning uchun bu jarayonda ishtirok etishi shart, bundan foydalanishimiz kerak. Shu maqsadda bu norma kiritilyapti”, - dedi adliya vaziri.

Adliya vaziri mediatorlik institutining mexanizmiga ham to‘xtalib o‘tdi. 

“Mediatsiyaning o‘ziga yarasha tartiblari bor. Ikkita tomonni yarashtirish nuqtai-nazaridan harakatlarni amalga oshiradi va kelishuvga erishib, mediativ kelishuv ikkita tomonidan imzolanganidan keyin uni notarial tartibda tasdiqlab beradi. U ikkita tomon uchun majburiy xarakterga ega bo‘ladi.

Bu institut nafaqat notariuslar, balki advokatlarga ham berildi”, - deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senatorlar notariat tizimi takomillashtirilishi bilan bog‘liq Qonunni ma'qullashdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top