20:40 / 19.12.2019
11
37300

Nomida «davlat» so‘zi bor nodavlat tashkilot. Unga Urgutdagi mahalla ahlidan pul yig‘ishga kim izn berdi?

Kun.uz saytida avvalroq «Turli tekshiruvchilar uchun odamlar «sog‘in sigir»mi? Urgutdagi uch voqea» sarlavhasi ostidagi maqolada o‘z xizmatlarini ixtiyoriy tarzda taqdim etishi lozim bo‘lgan turli korxona va tashkilotlarning Urgut tumanidagi aholiga o‘z xizmatini majburan tiqishtirayotgani va pul yig‘ayotganini yoritilgan edi.

O‘sha voqealar yuzasidan Urgut tumanida surishtiruv o‘tkazib yurganimizda yana bir o‘xshash voqeaga duch keldikki, bunisi endi xalq ta'biri bilan aytganda «kurakda ham turmaydi». Shu sababli voqeaga alohida to‘xtalishga qaror qildik.

Urgut tumanidagi «Qo‘yiguzar» MFYda «Elektr tarmoqlari va montaj» MChJ xodimlarining majburiy pul undirib yurgani haqida surishtirib yurganimizda shu mahalla mas'uli «aytgancha, bundan uch-to‘rt kun oldin mana bular ham kelgan edi», deb bir qog‘ozni ko‘rsatdi.

Qog‘ozni ko‘rib hayron qoldik. Uning tepasiga «Davlat yong‘in xavfsizligi» MChJ deb yozib qo‘yilgan edi. «Davlat yong‘in xavfsizligi» yoki «Yong‘in xavfsizligi» deyilganda odamlarning xayoliga eng birinchi, avval IIV tarkibida, hozir esa FVV tarkibiga o‘tkazilgan Davlat Yong‘in xavfsizligi xizmatining hududlardagi bo‘lim yoki boshqarmalari keladi.

Darrov buni qanday ro‘yxatdan o‘tkazishgan, degan o‘y keldi. Qog‘ozga qaralsa, bu MChJ Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani DXM tomonidan 2018 yil 21 dekabrda ro‘yxatga olingan.

«Balki Urgut tuman Yong‘in xavfsizligi bo‘limi»ning bu korxona faoliyatidan xabari bordir», degan o‘y bilan shu tashkilotga bordik.

Uning rahbari bizga Yong‘in xavfsizligi bo‘limining bunday xususiy korxonalar faoliyatiga aralashishga mutlaqo haqqi yo‘qligini bildirdi.

«Mana, kecha shu korxona xizmat ko‘rsatgan mahallalardan birida yashovchi bir otaxon «og‘ilim yonib ketdi, pulini qachon to‘laysizlar?» deb o‘ziga berilgan shartnoma qog‘ozlarini olib keldi. Unga bu shartnomani bizning idora xodimlari bermaganini tushuntirdik», dedi u.

Shartnomada manzili ko‘rsatilgan «G‘ijduvon» MFYda yashovchi fuqaroning xonadoniga ham bordik. Bir necha qo‘shni ham o‘sha yerda ekan. Ulardan ushbu MChJ xodimlari nima deb kelgani haqida surishtirdik. Mahalla ahlining aytishicha, bu korxona xodimlarning bittasi Ichki ishlar organlari xodimlari kiyadigan dala formasiga o‘xshash kamuflyaj formada, qolganlari ham maxsus kiyimlarda bo‘lgan. Ular xonadonlarga kirib tabiiy ofatlar va yong‘indan sug‘urta qilib yurishgani, umumiy to‘lov 48 ming so‘m bo‘lishini aytishgan.

«Agar hozir to‘lamasanglar, men «bosh tortdi», deb hujjatlashtiraman, keyin bir necha million jarima to‘laysizlar», deb ham dag‘dag‘a qilishgan.

Surishtiruvdan ma'lum bo‘ldiki, o‘sha korxona vakillari butun mahallada qariyb hammanikiga kirib, to‘lov undirgan.

«Biz ular xususiy korxona xodimlari ekanini bilganimiz ham yo‘q. Ular kelib qo‘limizga shartnoma qog‘ozlarini berib ketganidan ikki kun o‘tib og‘ilim yonib ketdi. Yong‘in xavfsizligi xodimlari vaqtida kelib o‘chirishdi, ularga rahmat, yong‘in uy-joyimga o‘tmadi. Shundan so‘ng men o‘sha shartnoma qog‘ozlarini ko‘tarib Urgut tuman Yong‘in xavfsizligi bo‘limiga borib, boshlig‘ining oldiga kirdim va shartnoma qog‘ozni ko‘rsatib «zarar bo‘yicha menga qachon to‘lov qilasizlar dedim». Boshliq hayron! Ma'lum bo‘ldiki, mahallamizga kelib bizdan majburiy tarzda shartnoma qilib pul yig‘ib ketganlar tuman Yong‘in xavfsizligi xodimlari emas, balki xususiy korxona xodimlari ekan», — deydi Sharofiddin bobo Amirov.

Nomi davlat organi nomiga juda o‘xshash bo‘lgan bu korxonani kim, nega ro‘yxatdan o‘tkazgani albatta qiziq edi, bu haqida ham kichik surishtiruv o‘tkazdik.

Korxona mahalla raislariga taqdim etayotgan qog‘ozda u Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani DXM tomonidan ro‘yxatga olingani yozilgan.

Tadbirkorlar o‘z korxonasiga tanlayotgan nomning boshqalar tanlagan nomga yoki davlat organlari nomiga hamohang bo‘lmasligini statistika boshqarmasi tasdiqlashi haqida eshitgan edik. Shuning uchun dastlab Statistika qo‘mitasining matbuot xizmati bilan bog‘landik.

Qo‘mita axborot xizmati boshlig‘i U.Abdurasulovning ma'lum qilishicha, 2017 yil 1 aprelgacha bu ish bilan Statistika qo‘mitasi shug‘ullangan, so‘ng bu vakolat Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 fevraldagi 66-sonli qaroriga muvofiq Davlat xizmatlari markaziga o‘tkazilgan.

Ushbu MChJni ro‘yxatdan o‘tkazgan Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani DXMga murojaat qildik.

DXM bo‘lim boshlig‘i B.Sobirjonov bergan ma'lumotga ko‘ra, «Davlat yong‘in xavfsizligi» MChJ korxonasi 2018 yil 21 dekabrda DXM binosida №658127 reyestr raqami bilan ro‘yxatga olingan. Oradan bir hafta o‘tib, 2018 yil 27 dekabr sanasida ular Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasidan Farg‘ona viloyatida joylashgan barcha davlat xizmatlari markazlariga jo‘natilgan «2006 yil 18 sentyabrda e'lon qilingan «Firma nomlari to‘g‘risidagi» qonunga qat'iy amal qilish haqidagi talabnomani olishgan. 28 dekabr kuni O‘zbekiston tuman DXM ushbu MChJ rahbariyatiga MChJ nomi «davlat organi nomi bilan bir xil bo‘lib qolgani tufayli uni o‘zgartirish»ni so‘rab xat bilan chiqqan, ammo MChJ rahbariyati ushbu xatni e'tiborsiz qoldirgan.

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston tumani DXM ushbu MChJ rahbariyatiga bir necha bor og‘zaki ogohlantirish bergan, ammo MChJ rahbariyati o‘sha ogohlantirishlarni ham e'tiborsiz qoldirib, hanuz nomini o‘zgartirmay kelyapti.

Ushbu korxona Urgut tumanida faoliyat olib borishi nechog‘lik qonuniyligini aniqlash yuzasidan Urgut tumani hokimi o‘rinbosari U.O‘roqov huzurida bo‘ldik. U 2018 yil dekabr oyida Urgut shahrida ketma-ket ikkita yong‘in sodir bo‘lgani, bu hodisalarda jami 7 kishi fojiali tarzda halok bo‘lgani haqidagi ma'lumotni keltirdi. O‘sha paytda bir nechta xususiy korxonaga tuman xonadonlaridagi elektr jihozlar, gaz plitkalari va pechka mo‘rilarini ko‘rikdan o‘tkazish uchun ruxsat berilgan. Ammo ruxsat berilayotgan paytda ularning har biriga xizmat ko‘rsatish paytida o‘z xizmatini aholiga ixtiyoriy tarzda ko‘rsatish talabi qo‘yilgan va tushuntirilgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aksariyat korxonalar bugungi kunda o‘tgan yil boshida berilgan ruxsat bilan tumanda faoliyat olib boryapti va yil oxirida ularga berilgan ruxsatnoma muddati tugaguncha yana «pul ishlab qolish» ilinjida bo‘lyapti. Aynan «Davlat yong‘in xavfsizligi» MChJning 2020 yil uchun aholiga bergan shartnomalarini ko‘rib, O‘roqov ularning ruxsatnomasi dekabr oyida tugashini aytdi va ularning Urgut tuman aholisi bilan 2020 yilning sentabr oyigacha shartnoma tuzganini ko‘rib hayron qoldi.

Ushbu MChJ xodimlari Urgut tumanida «Tabiiy ofatlar» yo‘nalishi bo‘yicha ishlashgan va ketma-ketlikda 2019 yil 19 sentyabrdan, 2020 yil 19 sentyabrgacha bo‘lgan bir yillik muddatni to‘rt kvartalga bo‘lib, «G‘ijduvon» MFY fuqarolariga jami to‘rtta shartnoma qog‘ozi berishgan va ularning har biri uchun 12 ming so‘mdan, jami 48 ming so‘m undirishgan.

Yana izoh olish maqsadida shartnoma qog‘ozida ko‘rsatilgan korxonaga tegishli raqamga qo‘ng‘iroq qildik. Savollarimizga ushbu MChJ rahbarining o‘rinbosari javob berdi.

Uning aytishicha, ushbu korxona Urgut tumanida yozdan beri ishlayapti. U korxonaning maqsadi g‘irrom yo‘l bilan pul yig‘ish emas, balki aholining og‘irini yengil qilish ekanini ta'kidlab, ushbu korxona oyoqqa turguncha bo‘lgan qiyinchiliklar haqida gapirib berdi.

Unga nega MChJ nomi davlat tashkiloti nomiga o‘xshab qolgani, shuningdek Urgut tuman «G‘ijduvon» MFYda MChJ xodimlari tomonidan aholidan majburlab pul yig‘ilgani haqida savol berganimizda, u «biz nom tanlashdagi qonun-qoidalarni bilmaganmiz. Nom tanlab borganimizda O‘zbekiston tumani DXM ro‘yxatga olavergan. Bu uchun biz aybdormasmiz-ku?» deya javob qaytardi.

O‘zbekiston tumani DXMning MChJ nomiga yuborilgan 2018 yil 28 dekabrdagi nomni o‘zgartirish haqidagi so‘rov xati nega e'tiborsiz qoldirilganini so‘radik. U so‘rov xatini olmaganini bildirdi, shu bilan birgalikda og‘zaki so‘rov bo‘lganini tan oldi hamda MChJ nomini o‘zgartirishga vaqti bo‘lmaganini aytdi.

Urgut tuman «G‘ijduvon» MFYda bo‘lib o‘tgan ishlar haqida esa «Men xodimlarimga ishonaman, ular hech kimni majburlashmaydi», deya javob berdi. Qisqasi, xodimlari orasida bir-ikki kishi qaysidir mahallada o‘z xizmat vazifasini bajarayotganida xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini, ammo bu degani ular hamma joyda ham xatoga yo‘l qo‘yib ishlamasligi va u xodimlariga juda ishonishi, ammo, albatta bu ish yuzasidan surishtiruv olib borishini va aybdor xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishini bildirdi.

Shuningdek, u o‘z xodimlari yong‘inga qarshi xizmat ko‘rsatmasligi, MChJning nomi «Davlat yong‘in xavfsizligi» deb atalgani bilan hozircha tabiiy ofatlar yo‘nalishida ishlayotganini bildirdi.

Shu o‘rinda bir jihat hech «yopishmayapti»: urgutlik yoshi 70dan oshgan chol, uning 5-6 nafar mahalladoshi, qo‘shnilari aynan bu firma tabiiy ofatlar bilan birga yong‘inga qarshi ham shartnoma tuzganini ta'kidlayapti. MChJdagilar nomi «Davlat yong‘in xavfsizligi» MChJ bo‘lsa ham hozircha faqat aholi bilan tabiiy ofatlar bo‘yicha shartnoma imzolayotganini aytayapti. Berilgan shartnomalarda ham gap asosan «tabiiy ofatlar»dan ketadi va tabiiy ofat yuz berib kimningdir xonadoniga zarar yetsa korxona EKIHning 4 (to‘rt) baravari miqdorida tovon puli to‘lashi haqida yozilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, bu korxona vakillari Urgut tumanida sentabr oyidan beri har oy 4-5ta mahallaga borib aholiga shartnoma tarqatishgan va shu paytgacha birorta mahalladan shikoyat tushmagan.

Lekin, bir savol baribir ochiq qolyapti: bugun mahallalarga borib «men falon xizmat ko‘rsataman, to‘lovi falon pul bo‘ladi», deyilsa odamlar «bosh ustiga, mana, sizga 48 ming so‘m, keling shartnoma tuzamiz» deydigan darajada ahmoq emas. Boz ustiga, Urgut tumanining bir qismi tog‘li hudud bo‘lsa ham ishlar to‘g‘ri tashkil etilgani uchun bu yerda uncha-bunchaga tabiiy ofatlar yuz bermaydi. Shunday ekan, odamlarning ixtiyoriy tarzda 48 ming so‘m pulni indamay berib yuborishi ham biroz shubhali emasmi?

Yana bir jihatni alohida ta'kidlash shart. Bugun qishloq hududlarida odamlarda huquqiy savodxonlik past. Uyiga «men falon korxonadanman, falon narsaga pul to‘lashingiz kerak», deb chaqirib kelgan odamga «hujjating qani», «qanday asosga ko‘ra men majburiy pul to‘lashim lozim?» deb surishtirishmaydi.

Shu savolni «G‘ijduvon» MFY aholisiga berdik. «Biz ularni yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari, deb o‘yladik, qolaversa har ikki gapidan birida «prezidentning farmoni bor, hukumatning qarori bor», deb turibdi. Yangi farmon va qaror chiqibdi-da, deb o‘yladik. Ustiga forma ham kiyib olgan», deb javob berishdi.

So‘zimiz oxirida fuqarolarimizga murojaat qilib aytamiz: uyingiz eshigini taqillatib borayotgan har qanday begona shaxsning kimligi bilan albatta qiziqing, ism-familiyasini, korxonasining nomini erinmasdan yozib oling. Nimanidir majburiy tiqishtirsa, albatta asos so‘rang. Qolaversa, bugun vakolatli organlarning barchasida ishonch telefonlari bor, ularga telefon qiling. Lekin aslo aldanib qolmang!

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri

G‘ayrat Yo‘ldosh, bloger.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top