15:00 / 21.12.2019
1
8898

Ilhom Ne'matov O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaralarini rasmiylashtirish 2020 yilda to‘liq hal etilishini aytdi

Foto: KUN.UZ

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan davlat chegaralarini belgilash bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar va ularning natijalari haqida ma'lum qildi.

«Chegara masalalari O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim. Mana uch yil davomida prezidentimiz tashabbuslari bilan biz barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegara masalalari bo‘yicha juda katta intensiv muzokara olib boryapmiz. Ayniqsa, Qirg‘iziston bilan 2017 yil 5 sentyabrda O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashriflari doirasida biz 1170 kilometrli [chegaralarimizni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha] bitimni imzoladik. 2018 yil mart oyida prezidentimizning [Tojikistonga] davlat tashrifi doirasida bitim imzolandi, bu bilan Tojikiston bilan delimitatsiya masalasini hal qildik.

Qozog‘iston bilan 2014 yilda demarkatsiya masalasi muhokama qilina boshlangan. 2004 yildan beri, mana, shuncha yil davomida muzokaralarni qilgan bo‘lsak-da, hozirgacha yakunlanmaganining sabablari bor. chunki biz bundan uch yil oldin mutlaqo boshqacha mazmunda muzokaralar olib borganmiz. Qandaydir murosaga kelish, o‘zaro kelishuvga erishish yo‘llarini topish imkoni yo‘q edi. Hozirgi kunda prezidentimiz topshiriqlariga asosan ikki tomonning ham manfaati ko‘zlangan va murosaga kelish kerak bo‘lgan joyda yer almashish asosida masalani hal qilyapmiz. Qozog‘iston bilan muzokaralar oxiriga yetib boryapti. Bu yil oxirigacha ulgurmasak, yanagi yilga albatta Qozog‘iston bilan demarkatsiya to‘g‘risidagi bitimni imzolaymiz va to‘laqonli chegarani rasmiylashtiramiz», deya Ilhom Ne'matovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Turkmaniston bilan davlat chegaralarini belgilash bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Turkmaniston bilan ham [davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha] muzokaralarimiz yaxshi, intensiv ravishda ketyapti. Hozirgi kungacha juda ko‘plab uchrashuvlar bo‘ldi. Yaqinda Turkmanobodda uchrashuv bo‘ladi. Turkmaniston bilan ham kelishuv masalalarini shu yil oxiriga yetkazdik. Yanagi yilga ular bilan ham bitimni imzolaymiz va chegaralarimizni rasmiylashtirish masalasini to‘liq hal etamiz», deb aytgan Ilhom Ne'matov.

TIV mulozimining so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston bilan chegaralarni belgilash bo‘yicha taxminan 60 kilometrga yaqin masofani o‘z ichiga olgan 7 uchastka qolmoqda. Ilhom Ne'matov bu bo‘yicha muzokaralar davom etayotgani va 2020 yilda bu masala hal qilinishini, ikki davlat chegaralarini yuridik jihatdan rasmiylashtirish oxiriga yetkazilishini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan 7000 kilometrdan ziyod uzunlikdagi umumiy chegaraga ega. Bu ko‘rsatkich Qozog‘iston bilan – 2356,31, Qirg‘iziston bilan – 1476,12, Tojikiston bilan – 1296,9, Turkmaniston bilan – 1831,49, Afg‘oniston bilan – 143 kilometrni tashkil etadi.

Avvalroq, Ilhom Ne'matov «Rishton-So‘x» yo‘li nega ochilganidan ikki kun o‘tib yopib qo‘yilganini aytgan, O‘zbekiston va Tojikiston chegaralaridagi minalar zararsizlantirilishi qachon yakunlanishiga oydinlik kiritgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top