13:21 / 22.12.2019
0
2945

O‘zbekiston parlamenti saylovlari 30ga yaqin davlatda davom etmoqda

Seuldagi O‘zbekiston elchixonasi / Foto: Kun.uz

Toshkent vaqti bilan soat 8dan 11gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 11ta davlatda 15ta saylov uchastkalari ochilib, ovoz berish jarayonlari boshlandi.

Soat 12da yana 25ta davlatda 37ta saylov uchastkasi ochilgan bo‘lsa, bir soat o‘tib Londondagi elchixonada saylov uchastkasi ish boshladi.

Eng so‘nggi saylov uchastkalari Toshkent vaqti bilan soat 18:00da Vashington va Nyu-Yorkda ochiladi.

Bu haqda  Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Mahalliy vaqt bilan soat 12ga chet eldagi 1455 nafar fuqarolarimiz ovoz berdi. Jumladan, Dushanbada 211 nafar, Seulda 201, Vladivostokda 125, Pekinda 120, Nur-Sultonda 105, Kuala-Lumpurda 120 nafar saylovchi ovoz berdi», – dedi Ne'matov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 12-18 dekabr kunlari muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida xorijdagi 90 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar qatnashgan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston parlamenti saylovlari uchun ro‘yxatga olingan 20,5 mln nafar saylovchining 8,3 foizi xorijdagi saylov uchastkalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Ya'ni 1,7 million nafarga yaqin o‘zbekistonlik 38ta chet davlatdagi 55ta saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top