07:28 / 22.12.2019
2
51239

Qor ko‘chkisi xavfi tufayli Qamchiqda avtotransportlar harakati cheklandi - dovondan reportaj

Qamchiq dovonida qor ko‘chkisi xavfi tufayli avtotransport vositalarining harakati to‘xtab qolgani yoki ma'lum bir muddatga cheklab qo‘yilgani to‘g‘risida xabarlar har yili qish mavsumida qulog‘imizga chalinib turadi.

Kecha, 21 dekabr kuni ham ayni sabab bilan A-373 «Toshkent-O‘sh» xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tuvchi qismida avtotransport vositalarining harakati vaqtinchalik to‘xtatildi. 

Kunning birinchi yarmida dovonda qolayotgan avtomobil egalari va yo‘lovchilarning video va fotolavhalar ilova qilingan murojaatlari saytimizga kelib turdi. 

Vaziyat bilan yaqindan tanishish maqsadida, Kun.uz’ning muxbir va operatorlaridan iborat guruhi A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tuvchi qismida bo‘ldik.

Ijodiy jamoamiz dovongacha borishni niyat qilib chiqqan avtomobildan Angren shahridagi «Chinor» postida tushishga majbur bo‘ldik. Bo‘ralab yog‘ayotgan qor va muzlagan yo‘l yengil avtomobilning yuqoriga harakatlanishiga yo‘l bermadi. Yo‘lning qolgan 60 kilometrini Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli qutqaruv guruhi a'zolarining maxsus mashinasida bosib o‘tdik.

Ayni paytda tog‘ yo‘lini qordan tozalashga jalb etilgan va qor erishi uchun yo‘lga tuz sepib chiqayotgan maxsus muhandislik texnikalari tinimsiz ishlab turibdi.

Vazirlik xodimlarining ma'lumotiga ko‘ra, 45 ta texnika, 200 ga yaqin shaxsiy tarkib tomonidan Qamchiq dovonidan o‘tishga ulgurmagan avtotransport haydovchilari va yo‘lovchilar yetarli sharoitlar bilan ta'minlangan nazorat kuzatuv postlariga, Qamchiq otryadiga, qolaversa, umumovqatlanish shoxobchalariga evakuatsiya qilish ishlari tashkillashtirilmoqda.

Shuningdek, Transport vositalarining uzluksiz va xavf-xatarsiz harakatini ta'minlash maqsadida, «Qamchiqavtoyo‘l» Ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasidan 115 ta maxsus muhandislik texnikalari va 314 nafar shaxsiy tarkib jalb qilinib, yo‘llarni tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.

Borgan manzilimiz, dovonning 228-kilometrida evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar temir yo‘l orqali qo‘shimcha bepul yo‘lovchi poyezdining uchinchi reysi bilan o‘z manziliga kuzatilayotgan ekan.

Bu yerda yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Sharoitlar qoniqarli,  yo‘lovchilar uchun bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va shifokor xizmati tashkil qilingan.

«Dovon yo‘li yopiq ekan, yo‘lni davom ettirolmasligimizni aytishdi. Endi poyezdda yo‘lga chiqdik, bu albatta, xafvsiz», — deydi yo‘lovchilardan biri.

Kun davomida amalga oshirilgan ishlar, evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar haqida «Qamchiq» maxsus qidiruv qutqaruv boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor Baxtiyor Shayqulov ma'lumot berdi.

«Gidrometeorologiya xizmati markazi ma'lumotiga ko‘ra, bugun A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 228–253-kilometrlari oralig‘ida qor ko‘chishi xavfi saqlanib turibdi.

Ogohlantirishga asosan, yo‘lovchi va haydovchilar xafsizligini ta'minlash maqsadida yo‘lning shu qismidan o‘tishga ulgurmagan transport vositalari yo‘lovchilarini evakuatsiya qilish ishlarini tashkil qilmoqdamiz.

Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan ertaga ertalab qor yog‘ishdan to‘xtashi aytilmoqda. Shundan so‘ng, monitoring natijalariga ko‘ra, harbiy to‘plardan foydalangan holda sun'iy qor ko‘chkisi yuzaga keltiriladi va undan keyin yo‘llar qayta tozalanadi», — dedi u.

Biz turli baxsiz hodisalarning oldini olish maqsadida, oziq-ovqat, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari zaxirasi va isinish maskanalarida ham bo‘ldik.

«Buxorodan Qo‘qon bozoriga bayramoldi xaridorgir mahsulotlar: apelsin, xurmo va boshqa mevalarni olib kelaman. Xavfsizlik sabab yo‘lni yopishganini aytishdi. Yo‘l ochilishini kutyapmiz. Sharoit yomon emas, lekin baribir yo‘l tezroq ochilsa yaxshi bo‘lardi», — deydi buxorolik yo‘lovchilardan biri.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugun kunning ikkinchi yarmida  Qamchiq dovonidagi qor ko‘chkisi xavfi yo‘q qilingach, avtomobillar qatnovi qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Ilyos SAFAROV, Kun.uz muxbiri
Muhammadjon G‘ANIYeV, tasvirchi

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top