19:07 / 23.12.2019
1
54801

To‘g‘ri yo‘ldagi «samarqandlik Robin Gud»: u bo‘lib o‘tgan ishlardan taassufda

Samarqandlik Bekzod Tolibjonov 2018 yil boshida avtomobil davlat raqamlarini o‘g‘irlab, ularni qaytarib berish uchun egalaridan arzimagan pul talab qilgani uchun qo‘lga tushgan edi.

U avtomobil davlat raqamini qaytarib berish uchun 5 dollar miqdorida «tovon puli» so‘ragan. 2000 yilda tug‘ilgan Bekzod jabrlanuvchining avtomobili old oynasiga quyidagicha xat qoldirib, to‘lovni «Qiwi» elektron hamyoni orqali amalga oshirishni talab qilgan.

Tolibjonov o‘z «xizmati» uchun talab qilayotgan pullarining bir qismini xayrli ishlarga sarflashini va'da qilgani uchun «samarqandlik Robin Gud» laqabini olgan edi.

O‘sha qilgan qilmishidan pushaymon va ayni paytda hayotdagi to‘g‘ri yo‘lini tanlab olgan Bekzod tahririyatimizga murojaat qildi.

«2018 yilda men bir jinoyatga qo‘l urdim va bundan hozir juda afsuslanaman. Bu ishim hayotimda o‘z aksini qoldirdi...» — deydi u.

Bekzod o‘z qilmishiga yarasha jazosini olgach, to‘g‘ri xulosa chiqarib, hayotini iziga tushirib oldi.

«Men Rigadagi universitetlardan biriga o‘qishga kirdim. Biroq afsuski, viza berishmagani uchun o‘qishga bora olmadim. Hozirgi kunda men mobil qurilmalar ta'miri bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqdaman. Shuningdek, turli aksessuarlar — smartfonlarga g‘iloflar sotaman. Yangi xizmat ko‘rsatish nuqtalari ochmoqchiman», — deydi B.Tolibjonov.

U jinoyat sodir etgach, nimalarni boshdan kechirganini ham qisqacha so‘zlab berdi:

«O‘sha jinoyatga qo‘l urganimdan so‘ng men muammolar girdobida qoldim. Tabiiyki, bu ota-onamga ham ta'sir qildi, ko‘plab yaqinlarim, qo‘shnilarim men bilan gaplashmay qo‘yishdi. Ko‘plab do‘stlarim ham men bilan aloqa qilmay qo‘yishdi. Bunday yakkalash, afsuski insonning kelajagiga yomon ta'sir ko‘rsatar ekan», — deydi u.

Shundan so‘ng qanday qarorga kelganidan hikoya qildi:

«Birinchi sud majlisidan so‘ng o‘zimning birinchi ishimni ochdim — reklama agentligi. Biz binolar fasadiga katta reklama bannerlarini o‘rnatar edik. Mijozlar topardik, ular bilan kelishardik. Ikki oycha ishladik, lekin bu ish o‘zini oqlamadi. Vaqtincha to‘xtatdik. Noyabr oyidan boshlab aksessuarlar do‘konini ochdim. Endi o‘z ishimizni rivojlantirayapmiz».

Bekzod biz bilan suhbat asnosida boshqa tengdoshlariga qisqacha tavsiyalar ham berdi.

«Men barcha o‘z ishini ochib shug‘ullansin, degan bo‘lardim. Hozir tadbirkorlar yili. O‘z ishingizni ochish uchun imkoniyat ko‘p. Hozirgi kunda onlayn, internet do‘konlar tobora rivojlanib bormoqda. O‘zingiz mahsulot ishlab chiqarmasangiz ham o‘rtada vositachilik ham qilishingiz mumkin. Bir paytlar men tavakkal qilib qo‘l urgan ish bilan shug‘ullanish yaramaydi», — dedi Bekzod Tolibjonov.

Ha, hozir 19 yoshdagi Bekzod o‘tgan yili o‘ylamay-netmay sodir etgan qilmishidan afsusda. Hayotda o‘z o‘rnini topish uchun to‘g‘ri yo‘lda harakat qilmoqda. Biz unga muvaffaqiyat va omad tilab qolamiz.

 Shuhrat ShOKIRJONOV suhbatlashdi.
Tasvirchi – Faxriddin HOTAMOV.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top