22:23 / 25.12.2019
0
5569

Erkin Vohidov xotirasiga bag‘ishlangan shaxmat turniri o‘tkazildi

23-24 dekabr kunlari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida ilk bora O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga bag‘ishlangan shaxmat turniri o‘tkazildi.

Federatsiya xabariga ko‘ra, unda yuzdan ortiq professional hamda havaskor shaxmatchilar qatnashishdi.

Turnir rapid yo‘nalishida 7 turdan, “A” va “B” guruhlarda, shveysarcha tizimda, FIDe qoidalari bo‘yicha o‘tkazildi. O‘yin vaqtini nazorat qilib borish uchun elektron soatlardan foydalanildi.

Xotira turnirda qatnashish uchun professional shaxmatchilarning FIDe xalqaro reytingi 2000 balldan kam bo‘lmasligi talab etildi. Havaskorlar o‘rtasida qatnashish uchun esa Yozuvchilar uyushmasi va Milliy teleradiokompaniya tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Chempionatni o‘tkazishga Shaxmat federatsiyasining professional hakamlari bevosita rahbarlik qilishdi.

Xotira turniri so‘ngida O‘zbekiston qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidovga O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining “Faxriy grossmeysteri” unvoni va oltin medali berildi. Unvonni Erkin Vohidovning o‘g‘li Xurshid Vohidov qabul qilib oldi.

Professionallar o‘rtasidagi g‘oliblar:
1. Vohidov Shamsiddin
2. Shvanov Georgiy
3. Jumayev Marat

Havaskorlar o‘rtasidagi g‘oliblar:
1. Yusupov Murod 
2. Yahyo Tog‘a
3. G‘ofurov Eldor

Ishtirokchilar diplom, medal va pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top