19:01 / 26.12.2019
0
4089

Ilhom Ne'matov: «Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha iqtisodiy anjuman o‘tkazish rejalashtirilgan»

O‘zbekiston Afg‘oniston bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlaydi va Toshkentda Afg‘oniston ishtirokida iqtisodiy anjuman o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov «RIA Novosti»ga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Biz birinchi navbatda afg‘onistonliklar o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlaymiz, chunki Afg‘onistonda afg‘onlarning o‘zlari kelishib olishlariga ishonamiz. Ammo Moskva, Istanbul va boshqa joylarda o‘tkazilayotgan barcha tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Har qanday muzokara qadamba-qadam murosaga olib kelishi mumkin.

Amerikaliklar Qatarda «Tolibon» bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Biroq muzokaralar jarayoni kutilmaganda to‘xtab qoldi, hozirda ular yangilanishi mumkinligi aytilmoqda. Biz Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik ta'minlanishidan manfaatdormiz».

Ilhom Ne'matov shuningdek, Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha iqtisodiy anjuman o‘tkazilishini aytib o‘tdi.

«RECCA (Afg‘onistonda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha konferensiya) tashkiloti bor. Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy, ayollar, ta'lim, giyohvandlik moddalari o‘rniga qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish masalalari hal etilmas ekan, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi qiyin bo‘ladi. 

Iqtisodiy anjumanni bu yil o‘tkazmoqchi edik, ammo Afg‘onistonda saylovlar bo‘lgani bois qoldirdik. Anjumanni Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan, lekin hozircha aniq muddati belgilanmagan», dedi Ne'matov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top