20:16 / 27.12.2019
0
21034

Forbes o‘n yillikning eng muvaffaqiyatli rossiyalik milliarderini ma'lum qildi 

NOVATEK va “Sibur” kompaniyalari egasi Leonid Mixelson rossiyalik milliarderlar o‘rtasida o‘tgan o‘n yillikda boyligi eng ko‘paygan milliarder bo‘ldi. Bu haqda Forbes nashri ma'lum qildi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, 2010 yildan boshlab Mixelsonning boyligi 4,4 mlrd dollardan 27 mlrd dollargacha, ya'ni 22,6 mlrdga ko‘paygan. 

Eng ko‘p boyigan rossiyalik milliarderlar reytingining 2-o‘rnini NOVATEK va “Sibur”ning yana bir aksiyadori Gennadiy Timchenko egallagan. Uning boyligi 10 yil ichida 22,7 mlrd dollargacha, ya'ni 20,8 mlrd dollarga ko‘paygan.

Keyingi o‘rinlarni  “Nornikel” egalaridan biri Vladimir Potanin (13,5 mlrd dollardan 23,8 mlrd dollargacha boyigan), LUKOYLning eng yirik aksiyadori Vagit Alekperov (13,2 mlrd dollarga boyigan) va “Severstal” egasi Aleksey Mordashov (10,3 mlrd dollar) egallagan.

“O‘n yillikning bosh benefitsiarlarini bir narsa bog‘laydi – ular xomashyo iqtisodiyoti: metallurgiya, kimyo sanoati, neft-gaz sohasi evaziga boyiganlar”, deyilgan Forbes’da.

Shuningdek, yetakchi o‘ntalikdan  Andrey Melnichenko (10,2 mlrd dollarga boyigan), Viktor Vekselberg (5,5 mlrd dollar), Alisher Usmonov (5,3 mlrd dollar), Vladimir Lisin (5 mlrd dollar) va Andrey Kozitsin (4,6 mlrd dollar) o‘rin olgan.

Ta'kidlanishicha, reytingga kirgan milliarderlar 10 yil ichida o‘z kapitallarini umumiy hisobda 111 mlrd dollarga ko‘paytira olishgan.

Nashr dekabr oxirida 2019 yilda eng boyigan rossiyaliklar reytingini taqdim qilgandi. Reytingga Potanin yetakchilik qilib, uning kapitali bir yilda 7,8 mlrd dollarga ko‘paygan. Keyingi o‘rinlarni Mixelson, Alekperov, Timchenko va Mordashov egallagan.

Shu bilan birga, Forbes Rossiyada 2019 yil tadbirkori sifatida ONEKSIM guruhi egasi, avgustda “Bruklin Nets” basketbol klubini Alibaba asoschilaridan biriga 1,35 mlrd dollarga sotgan Mixail Proxorovni e'tirof etgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top