13:14 / 27.12.2019
5
34363

«Jilov o‘z qo‘limizda». Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatdagi ayrim jihatlarga to‘xtaldi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyni borib ko‘rdi.

Davlat rahbari shu yerda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar bilan muloqot qildi.

Prezident mamlakat tashqi siyosatidagi ayrim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi:

«Izlanishdamiz, niyatimiz shundaki, iloji boricha... Mana, biz katta-katta integratsiyalarga qo‘shilmoqchimiz. Hamma har xil aytyapti: mustaqillikni berib qo‘yamiz... 

Hech kim hech qachon mustaqillikni, o‘zbek millati, kim bo‘lishidan qat'i nazar endi bermaydi.

Bobolarimiz boshlab bergan kurash hozir ham davom etadi. Lekin jilov o‘zimizning qo‘limizda. Biz bozor iqtisodiyotida manfaat nuqtai nazaridan qaysi yo‘l to‘g‘riligini hisob-kitob qilishimiz kerak. Har kuni.

Albatta, bizning eng katta harakatimiz - eng ma'qul, eng to‘g‘ri iqtisodiy manfaat yo‘liga kiramiz. Kim bilan borishimizni xalqimizning o‘zi deputatlar bilan maslahat qilib... Deputat degani - u xalqimizning ovozi, xalqimizning ko‘zi, xalqimizning dardi. Xalqimiz bilan maslahatlashib qilamiz. Yo‘limizning to‘g‘riligiga ishonsak, qilamiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan oldin, prezident Shavkat Mirziyoyev Nikkei Asian Review nashriga bergan intervyusida Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish – O‘zbekiston uchun eng zarur va ustuvor maqsadlardan biri sanalishini ma'lum qilgandi.

26 dekabr kuni Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov «RIA Novosti»ga bergan intervyusida O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishdan foyda ko‘rishi mumkinligi haqida aytib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida Rossiya Federatsiyalar Kengashi spikeri Valentina Matviyenko Toshkentga qilgan safari mobaynida (hali prezident bilan uchrashmasdan turib) O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a'zo bo‘lmoqchiligi haqida gapirgandi. Shundan keyin O‘zbekiston tomoni bu borada muzokaralar olib borilayotganini tasdiqlagan, chuqur o‘ylab ko‘rilgandan keyingina bir qarorga kelinishi ma'lum qilingandi.

YeOII — xalqaro iqtisodiy tuzilma hisoblanadi. Uning maqsadi muvofiqlashtirilgan iqtisodiy siyosat yuritish va mahsulotlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi harakatlanishi uchun erkin hudud barpo etish hisoblanadi. Bunday ittifoq tuzish bo‘yicha kelishuv 2014 yilda imzolanib, 2015 yil 1 yanvarida kuchga kirgan. Bugungi kunda ittifoq tarkibiga Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston a'zo hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top