17:30 / 29.12.2019
0
4693

Salkam 27 ming dona pirotexnika vositalari endi «paqillamaydigan» bo‘ldi

Bojxona organlari tomonidan pirotexnika vositalarini kirib kelishi va noqonuniy savdosiga qarshi keng ko‘lamli chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda noqonuniy pirotexnika savdosi va va ularning saqlanishi bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari fosh etildi.

Jumladan, tezkor tadbir davomida 5000 dona pirotexnika vositalarini yashirincha sotmoqchi bo‘lgan fuqaro X.A. tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.

Tadbir davom ettirilib, fuqaro X.A ning ko‘rsatmasiga binoan Muzrabod tumanida yashovchi fuqaro F.U. ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, 6500 dona pirotexnika vositalari hamda 7 dona mushaklar borligi ma'lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Termiz shahri, Sariosiyo va Angor tumanlarida tezkor tadbir jadallashtirilib, huquqbuzar fuqarolar qo‘lga olinib, ularda noqonuniy savdoga chiqarilayotgan 15 119 dona  pirotexnika vositalari mavjudligi aniqlandi.

 O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jami 26 626 dona pirotexnika vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top