15:35 / 02.01.2020
0
44795

«AvtoVAZ»dan Nissan’gacha. «Xarajatlar qotili» nomi bilan mashhur bo‘lgan Karlos Gon kim o‘zi?

Foto: Takaaki Iwabu/Bloomberg

Kuni kecha Renault-Nissan-Mitsubishi alyansining sobiq rahbari, Tokioda uy qamog‘ida bo‘lgan Karlos Gon Yaponiyani ruxsatsiz tark etib, Livanga qochib ketgani to‘g‘risidagi xabar jahon ommaviy axborot vositalarida eng ko‘p tilga olingan voqealardan biri bo‘ldi. Uning Yaponiyani qay tarzda tark etgani to‘g‘risidagi taxminlar esa alohida mavzuga aylandi.

Xo‘sh, bunchalik shov-shuvlarga sababchi bo‘lgan Karlos Gon kim o‘zi?

 Kelib chiqishi livanlik bo‘lgan Karlos Gon 1954 yil martda Braziliyaning Portu-Velyu shahrida tug‘ilgan.

1974 yilda Parijdagi politexnika maktabining kimyo fakultetini, 1978 yilda esa oliy konchilik maktabini bitirgan.

U 1978 yildan Michelin kompaniyasida ishlay boshlagan. Gon kompaniyaning Braziliya va Shimoliy Amerikadagi bo‘linmalariga rahbarlik qilgan. 1996 yildan esa Renault kompaniyasining ijrochi vitse-prezidenti bo‘lgan. 1999 yilda Nissan kompaniyasining ishlab chiqarish bo‘yicha direktori etib tayinlangan Karlos Gon 2000 yilda kompaniya prezidenti, oradan bir yil o‘tib esa bosh direktori bo‘lgan. 2005 yildan Renault kompaniyasining prezidenti va bosh direktori vazifasini ham bajargan.

Direktormi yoki gubernator?

2015 yilda Fransiya iqtisodiyot vaziri bo‘lgan Emmanuel Makron Renault kompaniyasidagi davlat aksiyalari paketi ulushini 15,01 foizdan 19,74 foizga yetkazib kompaniya aktivlarini nazorat ostiga olishga urindi. Renault-Nissan direktorlar kengashi raisi bo‘lgan Gon bu hujumga qarshilik ko‘rsatdi va 2017 yilda davlat paketlarining ulushini ilgarigi holatiga qaytardi.

Karlos Gon 2013 yildan 2016 yilgacha AvtoVAZ» direktorlar kengashi raisi bo‘lgan vaqtda ham davlat bilan kelishmovchilik yuz berdi. Kompaniya bosh direktori Bu Anderson ishlab chiqarishni butkul o‘zgartirdi va butlovchi qismlar yetkazib beruvchilarni ham almashtirdi. Bu Rossiya avtomobil ehtiyot qismlari bozorini o‘ziniki deb bilgan manfaatdor tuzilmalarning g‘azabiga sabab bo‘ldi. Karlos Gon Tolyattidagi zavodda ommaviy ishdan bo‘shatishlar va ortiqcha xarajatga olib kelayotgan ishlab chiqarishlarni yopa boshlagach, Rossiyaning siyosiy hukumati ham tashvishga tushdi. Rossiyada direktor shunchaki kapitalist emas, balki gubernatorcha fikrlay oladigan ham bo‘lishi, ya'ni ishdan bo‘shatilayotgan odamlar taqdirini ham o‘ylashi lozim. Ammo u bunday xususiyatga ega emasdi. Shu bois Bu Anderson ortidan Karlos Gon ham Tolyattidan ketishga majbur bo‘ldi.

«Qotil»ning paydo bo‘lishi

Karlos Gon mashhur «Xarajatlar qotili» (Le cost killer) laqabini Yaponiya Nissan kompaniyasini qutqarganidan so‘ng olgandi. U 1999 yilda kompaniyani boshqarishga kelgach, avtokonsern muammosining asl ildizi kompaniya mahsulotlari emas, balki sanoqsiz shtatlar va ulkan byurokratiya ekanligini angladi. 2000 yilda inqirozdan chiqish rejasi tasdiqlandi. Yaponiyadagi beshta zavod yopildi.  20 ming kishi ishsiz qoldi. Boshqaruvchi rahbarlarning teng yarmi ko‘chaga haydaldi. Gon yetkazib beruvchi kompaniyalarning deyarli barcha aksiyalarini sotdi va Nissan model qatorini yangiladi. Natijada Nissan inqirozdan qutuldi va daromadga erisha boshladi, Karlos Gon esa «Xarajatlar qotili» laqabini oldi.  

2004 yilda Renault prezidenti Lui Shveytser Karlos Gonga Fransiyaga qaytishni taklif qildi. Bu vaqtga kelib Renault Yaponiya kompaniyasining 44,4 foiz aksiyasini sotib olgan va yaponlarni bemalol nazorat qilishi mumkin edi. Ammo Gon boshqa taklif bilan chiqdi. U 2005 yilda hozirda Renault Nissan Alliance nomi bilan tanilgan moliyaviy va texnik alyans tuzdi.

Aynan o‘shanda Karlos Gon bugungi kunda keng ommalashgan krossoverlarni dunyoga taqdim etdi. Nissan Qashqai avtomobili ishlab chiqilayotganda yaponiyaliklar uning sotilishiga ishonishmagan, Gon esa fikrida qat'iy turib olgandi. Jurnalistlar loyihani tanqid qilishdi. So‘rovlarda xaridorlar uni sotib olish niyatida emasligi ma'lum bo‘ldi. Avtobozor tahlilchilari esa xetchbekning yo‘ltanlamas bilan birlashishi eng yomon qaror ekanligini ta'kidlashdi. Biroq loyiha oxiriga yetkazildi va Nissan Qashqai jahon bozoridagi eng xaridorgir avtomobilga aylandi.

Renault-Nissan-Mitsubishi alyansi 2017 yilda 10,61 mln dona avtomobil sotib Toyota va Volkswagen kompaniyalarini quvib o‘tdi hamda dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi bo‘ldi.

Intiho

Ammo Nissan’ning muvaffaqiyatlari faqat raqobatchilarnigina tashvishga solmadi. Mitsubishi’ning yutib yuborilishi va uning Renault boshqaruvi ostiga o‘tishi xavfi yaponlarni ham cho‘chitib yubordi. Yaponiyaning sanoat doiralari ichidagi ta'sirli guruhlar milliy avtosanoat ustidan nazorat yo‘qotilmoqda deb hisoblashdi. Yaponiya avtoishlabchiqaruvchilar assotsiatsiyasi kompaniyalar birlashishini keskin tanqid qildi.

2017 yilga kelib, Karlos Gon Nissan bosh direktorligini Yaponiya avtoishlabchiqaruvchilar assotsiatsiyasi rahbari Xiroto Saikavaga topshirdi. Gon Nissan va Renault direktorlar kengashi raisi lavozimini saqlab qolgan bo‘lsa-da, uning faoliyati yakuniga yetib qolgandi.

Yangi rahbariyat ichki tekshiruv o‘tkazishni boshladi, Nissan xavfsizlik xizmati avvalgi rahbariyatning faoliyatini elakdan o‘tkazdi. Karlos Gon Yaponiya hukumatini barcha daromadlari to‘g‘risida xabardor qilmagani ma'lum bo‘ldi. U yiliga 10-12 mln yevro daromad olgani va daromadlarini pasaytirib ko‘rsatgani aniqlandi. Yaponiya qonunlariga ko‘ra esa boshqa mamlakatlarda olingan daromad ham deklaratsiyaga kiritilishi va soliqqa tortilishi lozim. Bundan tashqari, avvalgi rahbariyat kompaniya aktivlaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanib kelgani ma'lum bo‘ldi. 

Nima bo‘lmasin, Karlos Gon prokuraturaga kelib aybiga iqror bo‘ldi va hibsga olindi. Nissan bosh direktori Xiroto Saikava Karlos Gonni direktorlar kengashi raisligidan va u qo‘ygan rahbarlarni lavozimlaridan bo‘shatishni taklif qildi. Yaponlar Nissan ustidan nazoratni tiklashdi. Voqealarning davomi esa hammaga ma'lum: Karlos Gon garov evaziga ozodlikka chiqdi, so‘ngra yana hibsga olindi, uy qamog‘iga o‘tkazildi va oxir-oqibat Yaponiyadan Livanga qochib ketdi.

«Men odil sudlovdan emas, balki adolatsizlik va siyosiy ta'qibdan qochmoqdaman», dedi u Livanda jurnalistlarga bergan intervyusida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top