18:20 / 03.01.2020
8
16494

Sog‘liqni saqlash vaziri bemor bolalar holidan xabar oldi

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmanov bugun, 2020 yil 3 yanvar kuni tug‘ma yurak nuqsoni hamda onkologik kasalliklar tufayli davolanayotgan bemor bolalar holidan xabar oldi. Birinchi manzil poytaxtdagi Akademik V.Vohidov nomli respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kardioxirurgiya bo‘limi bo‘ldi.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, har yili har yuz ming chaqaloqdan 6-10 nafari tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi. Bugungi kunda mamlakatimizda ham o‘n ming nafardan ko‘proq bolalar shunday kasallik bilan ro‘yxatga olingan. Bu kasallikning oldini olish, erta aniqlash va bemor bolalarni darddan forig‘ etish zamonaviy tibbiyotning muhim vazifasidir.

Bugun yurtimizda bolalar kardioxirurgiyasi jadallik bilan rivojlanmoqda. Dunyoning ilg‘or mamlakatlarida qo‘llanilayotgan eng noyob diagnostika va davolash texnologiyalari bizda ham mavjud. Masalan, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kardioxirurgiya bo‘limida bolalarda uchraydigan tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash uchun ellik o‘rinli alohida bo‘lim mavjud. Bu yerda yiliga sakkiz yuzdan ko‘proq bemor bolalarda yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkaziladi va darddan to‘liq forig‘ etiladi. Diagnostika va davolash jarayonida kompyuter tomografiya, magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen apparati, ultratovush tahlil apparati kabi zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalaniladi.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi yuqori texnologiyali operatsiyalar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo, Samarqand kabi qator viloyatlardagi tibbiyot muassasalarida ham yo‘lga qo‘yilgan. Yaqin kelajakda boshqa viloyatlardagi tibbiyot muassasalarida ham kardiojarrohlik bo‘limlarini ochish rejalashtirilyapti.

Sog‘liqni saqlash vaziri shu kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga ham tashrif buyurdi.

Onkologik kasalliklar jahonda nafaqat katta yoshdagi aholi, balki bolalar salomatligiga ham jiddiy ta'sir etayotgan muammolardan biridir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, yiliga 400 ming nafarga yaqin bolalar xavfli o‘sma kasalligi bilan ro‘yxatga olinadi. O‘zbekistonda ham yiliga 900 nafarga yaqin bolalarda xavfli o‘sma aniqlanadi. 4000 nafardan ko‘proq bola hisobda turadi.

Bugun O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi dunyoning tibbiyoti eng rivojlangan mamlakatlari bilan tengma-teng rivojlanmoqda. Bunda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va filiallarining faoliyati muhim o‘rin tutadi. Xususan, bu yerda kasallikka aniq, tez tashxis qo‘yish imkoniyatlari juda yuqori. Bu borada o‘sma markerlari bilan ishlash, immunogistoximik tahlillar zamonaviy standartlar asosida o‘tkaziladi. Bundan tashqari, MSKT, MRT, PET, raqamli rentgen, doppler kabi zamonaviy tibbiy texnologiyalar tibbiyot amaliyotiga chuqur kirib kelishi kasallikka erta bosqichlarda aniq tashxis qo‘yish imkoniyatini kengaytirmoqda. Tabiiyki, saraton qancha erta aniqlansa, bemorlarning salomatligini asrash imkoniyati ham shuncha yuqori bo‘ladi.

Bolalar onkologiyasida bugun bir qator yangi zamonaviy jarrohlik amaliyotlari ham samarali qo‘llanyapti. Bular tayanch harakat tizimi o‘smalarida suyak autoplastika operatsiyalari, suyak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlari, yirik bo‘g‘imlarni endoprotezlash operatsiyalari, buyrak, qorin parda osti sohasi, kichik chanoq bo‘shlig‘i o‘smalarida ham yangicha operatsiya usullari muvaffaqiyatli qo‘llanyapti. Albatta, tibbiyotimizning bunday ilg‘or yutuqlari bemorlar sog‘ligini tiklashda muayyan yutuqlarga zamin bo‘lmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘z tashrifi doirasida ushbu shifo muassasalarida bolalarga zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish borasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Olimlar va shifokorlar bilan ushbu yo‘nalishda tibbiyotimiz oldida turgan muhim vazifalar va ularni hal etishda tibbiyot ilm-fanini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish xususida fikrlashildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top