20:54 / 03.01.2020
0
5492

Vazir o‘rinbosari: «O‘zbekiston 2030 yilgacha innovatsion rivojlanish bo‘yicha top-50talikka kirmoqchi»

Bugun, 3 yanvar kuni Toshkentda «Umid» jamg‘armasi bitiruvchilarining birinchi xalqaro konferensiyasi boshlandi.

Unda ishtirok etgan Innovatsiya vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov O‘zbekistonning jahon innovatsion rivojlanish indeksidagi o‘rni havas qilgulik emasligi, mazkur yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston 2015 yilda 140 davlat ichida 122-o‘rinni olgani, so‘nggi to‘rt yilda esa indeksda O‘zbekiston ko‘rsatkichlari qayd etilmagani haqida gapirdi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bunga ma'lumotlarning o‘z vaqtida taqdim etilmagani sabab bo‘lgan.

Nazarov shuningdek, yangi taqdim etilayotgan O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasi mazmuni bilan tanishtirdi.

«O‘zbekiston qaysi tarafi bilan jahonda o‘z o‘rnini egallashi mumkin? Masalan turizmni keskin rivojlantirib, undan tushgan kapitalni boshqa sohalarni ko‘tarishga sarflash bo‘yicha takliflar ham bo‘ldi. Lekin asosiy masala doimo kadrlar muammosi ya'ni inson kapitali bo‘lib qolmoqda. Strategiyaning asosiy maqsadi inson kapitalini rivojlantirishdir. Asosiy vazifa sifatida 2030 yilgacha o‘sha 140 davlat ichida 50talikka kirish qo‘yilgan. Buning uchun strategiyani beshta yo‘nalishga ajratdik. Birinchisi — ta'lim tizimini takomillashtirish va inson kapitali, ikkinchisi — innovatsion faoliyatni moliyalashtirishni rivojlantirishdir. Uchinchisi — infratuzilma va AKT, to‘rtinchisi — raqobatni kuchaytirish va ma'muriy to‘siqlarni kamaytirish, beshinchisi — fan, ijodkorlik, texnologiyalarni rivojlantirishdir. O‘zbekiston indeksning 81ta indikatorida aynan shu sohalar bo‘yicha eng so‘nggi o‘rinlarni egallagan», deydi vazir o‘rinbosari.

Azimjon Nazarovning aytishicha, ba'zilar global indeks haqiqiy holatni ifodalay olmaydi deya hisoblaydi. Ammo statistikaga ko‘ra, qaysi mamlakatda yalpi ichki mahsulot miqdori yuqori bo‘lsa, ular reytingda yaxshi o‘rinlarni egallagan. Shu sababli O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasida xalqaro indeks o‘lchov sifatida olindi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top