11:01 / 04.01.2020
0
5696

Milliy axborot agentligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi hamda O‘zAning viloyatlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlari uchun 1tadan yengil avtotransport vositasi xarid qilish uchun mablag‘ ajratadi;

O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga 22ta, shu jumladan, 3ta shaxsiy biriktirilgan, 7ta navbatchi va 12ta mintaqaviy muxbirlik punktlariga biriktirilgan yengil avtotransport vositasini, Qoraqalpog‘iston axborot agentligiga 1ta navbatchi xizmat yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratadi.

Nizomda aytilishicha, O‘zA mamlakatning ichki va tashqi siyosatini, jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlarni, amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mohiyati, ahamiyati va samaralarini ommaviy axborot vositalarida xolis, izchil va O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlari nuqtai nazaridan yoritadigan rasmiy davlat axborot agentligi hisoblanadi.

O‘zA o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.

O‘zA yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisob varaqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, xorijiy valutadagi bank hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

O‘zA tizimiga:

markaziy apparat;
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi;
O‘zAning viloyatlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlari kiradi.

Quyidagilar O‘zAning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi:

yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy ma'lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish;

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, rasmiy bayonotlari va ma'ruzalarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Hukumatining qarorlari va ularning faoliyatiga oid axborotlarni muntazam yoritib borish;

respublikaning ichki va tashqi siyosatini, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlarni tezkor yoritish;

jamoatchilikning katta qiziqishini uyg‘otayotgan voqealarning mohiyati bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda ma'lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilib borish;

axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan uzviy hamkorlik qilish va ulardan tizimli ravishda statistik, tahliliy va boshqa turdagi ma'lumotlarni olish;

boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi uchun respublikaning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy va madaniy rivojlanishiga oid ma'lumotlar (axborot, foto va videomateriallar) bazasini shakllantirish;

o‘quvchilar uchun qulay va qiziqarli shaklda O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mamlakatning ko‘p yillik tarixi va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini namoyish etishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish;

respublikada yuz berayotgan o‘zgarishlarni dunyoga keng tarqatish, jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida mamlakat aholisiga tezkor axborot yetkazib berish, xorijdagi axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari, media-tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top