16:10 / 06.01.2020
3
139756

Foto: Tehronda Qosim Sulaymoniy bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi

Bugun, 6 yanvar kuni general Qosim Sulaymoniyning dafn marosimida ishtirok etish uchun Tehron shahri ko‘chalariga yuz minglab kishilar chiqishdi.

Eron tashqi siyosatining bosh harbiy strategi va arxitektori sanalgan general Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘dodda uni «dunyoning birinchi raqamli terrorchisi» deb e'lon qilgan AQSh prezidenti Donald Tramp buyrug‘iga ko‘ra o‘ldirildi.

Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy marosimga boshchilik qilgan. Tasvirlarda uning ko‘ziga yosh kelganini ko‘rish mumkin.

O‘z harbiy qo‘mondoni o‘limi uchun shafqatsiz qasos olishga va'da bergan Eron yakshanba kuni yadro kelishuvidan chiqdi va bu orqali AQShga yadroviy zarba berish bilan tahdid qildi.

62 yoshda bo‘lgan Sulaymoniy Eronning Yaqin Sharqdagi harbiy operatsiyalariga boshchilik qilgan, o‘z vaqtida Afg‘onistonda u bilan «Tolibon»ga qarshi kurashda hamrohlik qilgan AQSh uni keyinchalik terrorchi deb e'lon qilgan. Trampning aytishicha, Sulaymoniy amerikalik diplomatlarga, Iroq va boshqa mamlakatlardagi amerikalik harbiylarga hujumlar uyushtirishni rejalashtirayotgan edi.

Dafn marosimida nimalar bo‘ldi?

Sulaymoniy Erondagi ko‘pchilik uchun milliy qahramonga aylangandi. U mamlakatda oyatullohdan keyingi ikkinchi raqamli inson hisoblanardi.

Odamlar yig‘lashdi, ko‘pchilik marhumning portretlarini ko‘tarib olgandi. Tobut ortidan yurgan olomon «Amerikaga o‘lim!» deya hayqirardi.

Generalning qizi Zaynab Sulaymoniy otasining dafn marosimida tez orada qasos olinishi, AQSh va uning ittifoqdoshi Isroil uchun «qora kunlar» kelishi bilan tahdid qildi.

«Aqldan ozgan Tramp, otamning shafqatsizlarcha o‘ldirilishidan so‘ng hammasi tugadi, deb o‘ylamang», degan Zaynab Sulaymoniy marosim vaqtida. U amerikaliklarga ham o‘z farzandlari uchun o‘lishni taklif qilgan.

Dafn marosimlari Qum shahrida davom etdi - Sulaymoniyning tobuti shia mazhabidagi musulmonlarning asosiy shaharlaridan hisoblanadigan ushbu shaharga ham olib borildi. Seshanba kuni uning jasadi ona shahri Kirmonda dafn etiladi.

Avvalroq Sulaymoniylar oilasining Tehrondagi uyida bo‘lgan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy shunday degandi: «Amerikaliklar qanday fojiali xatoga yo‘l qo‘yishganini anglashmayapti».

Eron Sulaymoniyning o‘limiga qanday javob qaytarishi mumkin?

Yakshanba kuni Eron hukumati 2015 yili mamlakat hukumati va olti vositachi mamlakat o‘rtasida erishilgan yadroviy kelishuvdan to‘liq chiqishini e'lon qildi.

Rasman «Birgalikdagi harakatlar rejasi» deb nomlanadigan kelishuv 2015 yilning iyulida bir tomondan Eron, boshqa tomondan xalqaro vositachilar oltiligi — AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya davlatlari tomonidan imzolagan edi.

Hujjat Eron uranni qaysi darajagacha boyitishi va qancha miqdorda boyitilgan uran saqlashi mumkinligini belgilab berardi. Unga ko‘ra Eron yadroviy energetikani rivojlantirishi mumkin edi, biroq yadroviy qurol yarata olmasdi. Kelishuv shartlariga rioya etish evaziga Eronga qarshi sanksiyalar bekor qilingandi.

Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Eronni yadroviy dastur bo‘yicha «Birgalikdagi harakatlar rejasi»ga rioya qilishga chaqirdi.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Eron raketa kuchlari yuqori jangovar shay holatga keltirilgan.

Ayni vaqtda AQSh va koalitsiyadagi boshqa davlatlar Eronning ehtimoliy hujumiga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Amerika Eron tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan har qanday qadamga tayyor turibdi. «Mening jamoam agar Eron xato qilib, hujum qilishga qaror qilsa, barcha obektlarning tayyor bo‘lib turishi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilmoqda», degan Pompeo.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top