00:02 / 07.01.2020
26
50728

«O‘zavtosanoat» rasmiylari monopoliyaga oid e'tirozlarga munosabat bildirdi

Boshqarma boshlig‘i xalqaro savdoga doir «yangi teoriya» haqida gapirib berdi.

26 dekabrda UzAuto Motors premium segmentdagi to‘rtta yangi krossoveri taqdimotini o‘tkazgan edi. 1 yanvardan esa 40 ming dollardan qimmat avtomobillarni O‘zbekistonga olib kirganlik uchun bojlar joriy etildi.

6 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «O‘zavtosanoat» AJ vakillari qimmat «inomarkalar» uchun boj tiklanganiga aloqador emasliklarini bildirdilar.

«Biz aksionerlik jamiyatimiz, ya'ni butun bir davlatning bojxona siyosatini amalga oshiradigan tashkilot emasmiz. Menimcha, bojlarni o‘zi xohlaganday o‘ynatish biror bir vazirlikning ham qo‘lidan kelmasa kerak. Chunki Vazirlar Mahkamasi bor, davlat rahbari bor... Faqat bir kishi yoki bitta vazirlikning qo‘lidan keladigan ish emas.

Davlatning strategiyasi bor, biz o‘sha strategiyaga qarab o‘zimizning strategiyani belgilaymiz», – dedi «O‘zavtosanoat» AJ Strategik rejalashtirish direksiyasi boshlig‘i Rustam Qodirov.

Rustam Qodirov, «O‘zavtosanoat» AJ Strategik rejalashtirish direksiyasi boshlig‘i

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Qodirov avtosanoat monopoliyasiga oid e'tirozlarga ham munosabat bildirgan.

«Monopolist-monopolist deb juda ko‘p aytilyapti. Biz nechta-nechta kompaniyalar bilan gaplashyapmiz, «O‘zbekistonda zavod ochinglar, kelinglar» deyapmiz.

Rossiyada 1 mln 800 mingtacha mashina sotilgan. Ularning bozori biznikidan qariyb 8 baravar katta. Shuning hisobiga 9ta avtomobil ishlab chiqarish zavodi bor. Lekin bu degani Rossiyada «rastamojka» nol degani emas-ku, to‘g‘rimi?

Ko‘pchilik bizdagi yangi mashinaning narxini chet eldagi ishlatilgan mashinaning narxi bilan solishtiradi. Hozirda bizning bozorimizdagi sharoit shunaqaki, eski va yangi mashinalar narxi o‘rtasidagi tafovut juda kam. Vaholanki rivojlangan mamlakatlarda mashinani salondan olib chiqib ketdingizmi, uning narxi 15-20 foizga tushib ketadi. Lekin bor-yo‘g‘i bir kun haydagansiz... Bizda ham shu kunlar keladi, xudo xohlasa», – dedi «O‘zavtosanoat» mulozimi.

Uning so‘zlariga qo‘shimcha qilgan «O‘zavtosanoat» AJ Savdoni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Mirsamukov xalqaro savdoga oid «yangi nazariya» haqida gapirib berdi.

Shuhrat Mirsamukov, «O‘zavtosanoat» AJ Savdoni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i

«Shaxsan o‘z fikrimni aytaman, bitta yangi teoriya bor. Bu teoriyaga ko‘ra, agar iqtisodiyoti katta davlat sizdan bozorlarni ochishni so‘rasa, «Monopoliya bo‘lmasin, erkin savdo bo‘lsin», deb talab qo‘ysa, [va bu vaqtda] iqtisodiyoti siznikidan kichkina bo‘lgan davlatlar hali ham sizning tovarlaringizga yopiq bo‘lsa yoki sizning tovarlaringizga u bozorda talab bo‘lmasa, siz ochilishingiz kerak emas. Bu – juda katta risk. Nimaga deganda, katta davlatdan arzon tovarlar sizga kirib keladi», – dedi Mirsamukov.

Ta'kidlanishicha, «O‘zavtosanoat» sohadagi monopoliyaga qarshi va ichki raqobatni oshirishni maqsad qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top