07:43 / 08.01.2020
7
256040

Eron AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga zarba berdi

Eron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish maqsadida, Iroq g‘arbi va shimolidagi AQSh harbiy bazalariga zarbalar berdi. Tehron bazalardan biri yo‘q qilingani haqida ma'lum qilmoqda. Pentagon yetkazilgan zararni hali baholamadi.

Foto: REUTERS

AQSh askarlari joylashgan Iroq g‘arbidagi Ayn al-Asad harbiy-havo bazasi Eron tomonidan raketa hujumiga uchradi. Bu haqda 8 yanvar, chorshanbaga o‘tar kechasi Islom inqilobi soqchilar korpusi tomonidan tarqatilgan bayonotda aytilgan.

Hujum eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun o‘ch olish harakati deb ataldi. Aviabazaga kamida to‘qqizta raketa uchirilgani haqida xabar bergan Tehron, hujum natijasida obekt «to‘liq yo‘q qilingani»ni e'lon qildi.

AQSh Mudofaa vazirligi o‘zining ikkita bazasiga hujum qilingani to‘g‘risida xabar berdi. Pentagon ma'lumotlariga ko‘ra, Erbildagi baza ham raketa zarbasiga uchragan. AQSh harbiylariga ko‘ra, Eron o‘ndan ortiq ballistik raketalar uchirdi. 

Ayni paytda, Pentagon hozircha zararni baholashga tayyor emas. Raketa hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar bor-yo‘qligi ham noma'lum.

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning Iroqdagi Amerika bazalariga uyushtirgan hujumi yuzasidan «kechroq» bayonot berishni va'da qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda hujum oqibatida yetkazilgan zararni hisoblash jarayoni ketmoqda.

«Hammasi yaxshi! Raketalar Erondan Iroqda joylashgan ikkita harbiy baza tomon uchirilgan. Hammasi ko‘ngildagidek ketmoqda! Bugungi kunda bizda jahondagi eng qudratli va eng yaxshi ta'minlangan harbiylar bor! Men (Amerika vaqti bilan) tongda bayonot beraman», deb yozdi Tramp tvitterdagi sahifasida.

Eron AQSh harbiy bazalariga uyushtirilgan hujumni «munosib javob» va «o‘z-o‘zini mudofaa qilish» deb atadi.

«Eron BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq o‘z-o‘zini mudofaa qilish maqsadida bizning fuqarolarimiz va yuqori martabali shaxslarimizga qarshi qo‘rqoqlarcha hujum boshlangan harbiy bazani nishonga olib, munosib choralar ko‘rdi.

Eron keskinlikni oshirish yoki urush keltirib chiqarish uchun harakat qilmaydi, biroq har qanday agressiyadan himoyalanadi», deya yozdi Zarif tvitterda.

Bundan oldin, Eron parlamenti Pentagonni terrorchi tashkilot deb tan olgandi. Ushbu qaror Iroqda eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi ortidan qabul qilindi.

Eron tashqi siyosatidagi bosh strategi, Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni, amalda Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam sanalgan Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroport hududida amerikalik harbiylarning dron orqali bergan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘ldi. 

Hujum AQSh prezidenti Donald Trampning farmoyishiga binoan amalga oshirildi. U Sulaymoniy dunyoning birinchi raqamli terrorchisi bo‘lgani va millionlab kishilarning o‘limi uchun javobgarligini aytib o‘tdi. Tramp Sulaymoniyning o‘ldirilishi urushning boshlanishi emas, urushning yakunlanishi bo‘lganini qayd etib o‘tdi.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Trampning «Tvitter»da ma'lum qilishicha, agar Tehron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi tufayli amerikaliklarga hujum qilsa, unda Qo‘shma Shtatlar «Eron uchun juda muhim bo‘lgan» 52ta obektga «juda tez va juda kuchli» zarba berishga tayyor turibdi.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top