14:11 / 08.01.2020
0
43995

«Ezgu tashabbuslar, mashaqqatlar va samarali mehnat» - Prezidentga TÜRKSAV mukofoti berilishining 5 omili haqida

2019 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Turk dunyosini tiklash uchun qo‘shgan ulkan hissasi uchun» xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. IIV Malaka oshirish instituti boshlig‘ining o‘rinbosari Zafar Jumanov ushbu mukofotning topshirilishi omillari haqida fikr yuritdi.

«Yangi yilning ilk kunlaridanoq barchamiz mehnat faoliyatimizni davlatimiz rahbarining «Turkiy dunyo tiklanishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun» xalqaro mukofoti bilan taqdirlangani haqidagi xushxabarni eshitish bilan boshladik. Bu bejiz emas, albatta...

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joizki, ushbu mukofot turk dunyosi yozuvchilari, ziyolilari va san'at arboblari jamg‘armasi TÜRKSAV (Türk Dünyası Yazarlar ve Sanatçılar Vakfı) tomonidan ta'sis etilgan. TÜRKSAV esa qardosh Turkiya davlatidagi fuqarolik jamiyatlari o‘rtasida muhim va o‘z o‘rniga ega tashkilotlardan hisoblanib, unga 1996 yilda asos solingan.

O‘tgan davr mobaynida ushbu nufuzli mukofot bilan Turkiyaning sobiq prezidenti Sulaymon Demirel, Ozarboyjon prezidenti Haydar Aliyev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va turk dunyosining boshqa davlatlari siyosatchilari, tadbirkorlari va san'at vakillari taqdirlangan.

Qayd etilishicha, mukofot sohibining ismi-sharifi TURKSAV​ hay'ati hay'at qo‘mitasi tomonidan Turkiya va xorijiy davlatlarning taniqli siyosatchilari, iqtisodchilari, fan va san'at namoyondalarining 2019 yildagi faoliyatini o‘rganish natijalari asosida e'lon qilingan.

Har yili bir marta beriladigan ushbu xalqaro mukofot hay'atining qarori O‘zbekiston rahbarining «mamlakatning tashqi dunyo, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarini izchil mustahkamlashdagi beqiyos xizmatlari va amaliy hissasi, shuningdek, Turkiy kengashdagi hamkorlikni sezilarli darajada jonlantirgani, ushbu tashkilot doirasidagi yangi tashabbuslar, shu jumladan 2020 yilda Xiva shahrini «turk dunyosining madaniy poytaxti» deb e'lon qilish bo‘yicha tashabbusi» uchun bir ovozdan qabul qilingani ma'lum qilindi.

Albatta, mazkur yuksak e'tirofning zamirida qanchadan-qancha ezgu tashabbuslar, mashaqqatlar va samarali mehnat yotibdi.

Muhtaram prezidentimizga ushbu xalqaro mukofotning berilishi quyidagilar omillar bilan uzviy bog‘liq deb o‘ylayman.

Birinchidan, davlatimiz rahbarining jadal islohotchilik faoliyati, uning nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoning barcha davlatlari xalqlari farovonligi uchun qulay tashqi va ichki sharoitlarni shakllantirishga xizmat qilayotganidir.

Jumladan, prezidentimizning siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat o‘zgargani, mintaqa davlatlari o‘rtasida do‘stona aloqalar mustahkamlangani barchamizga ma'lum.

Qolaversa, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda ularning natijadorligida ko‘rmoqdamiz.

Ikkinchidan, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining o‘tgan yilning 3 sentyabrida bo‘lib o‘tgan oltinchi sammitida muhtaram prezidentimiz o‘xshash til, mushtarak ma'naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab kelayotgan xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan qator tashabbuslarni ilgari surgani bilan bevosita bog‘liq.

Xususan, mazkur xalqaro hukumatlararo tashkilotning yig‘ilishida davlatimiz rahbari savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish zarurligini ta'kidlab o‘tdi.

Transport yo‘nalishlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasiga alohida e'tibor qaratishdi.

Mamlakatlarni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga mas'ul bo‘lgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish zarurligi e'tirof etildi.

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar borligi, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi qayd etildi.

Shuningdek, tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, yosh avlodni ilm-ma'rifat asosida tarbiyalash masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.

Uchinchidan, 2019 yil 14 sentyabrda mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilganligidadir.

Faol rivojlanayotgan aloqalarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan mazkur qonun xalqimizning turkiylar tarixidagi o‘rni, bugungi salohiyati va ahamiyatini e'tirof etishga xizmat qiladi.

Zero, jahon ilm-fani va madaniyatiga unutilmas hissa qo‘shgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar, muqaddas dinimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband singari buyuk allomalar, turkiy dunyoni qalam bilan birlashtirgan Alisher Navoiy singari ulug‘ shoirlar nafaqat o‘zbek xalqi, balki barchaning faxr-u iftixori ekanligi barchamizga ma'lum.

Qolaversa, asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o‘rtasida ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish hisoblangan ushbu tashkilotga a'zolik ham tarixiy merosi, ham aholi soni, demografik tarkibi nuqtayi nazaridan yurtimizning turkiy davlatlar integratsiyasida muhim o‘rin tutadi.

To‘rtinchidan, mamlakatimizning xalqaro maydonda nufuzi tobora oshib borayotgan ushbu kengashning to‘laqonli a'zosi ekanligidadir.

Eng avvalo ta'kidlab ztish joizki, mazkur tuzilmaga a'zo bo‘lish yurtimizga savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish, tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini bosqichma-bosqich amalga oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, turkiy davlatlardan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi ham tobora ortib borishiga zamin yaratadi.

Qolaversa, kengash doirasidagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning yanada rivojlanishi hamda tashkilotning institutsional tuzilma sifatida ham mintaqaviy, ham xalqaro mavqeyi yuksalishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimizning ilk bor to‘la huquqli a'zo sifatida kengash tarkibida va faoliyatida ishtirok etishi tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik doirasidagi yangi hamda muhim qadam bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, albatta.

Kengashning 2019 yil 15 oktyabrda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan yettinchi sammitida ham davlatimiz rahbari bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surgan edi. Jumladan, prezidentimiz o‘z nutqida yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish Markaziy Osiyo – Turkiya transport yo‘lagi orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun salmoqli imkoniyatlar yaratishini, «Boku – Tbilisi – Kars» yangi temir yo‘lining salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini ta'kidladi.

Sayyohlik va turizmni rivojlantirish borasida hamkorlikni jadallashtirish maqsadida kengash tomonidan ishlab chiqilgan «Zamonaviy Ipak yo‘li» sayyohlik dasturi mamlakatimizning turizm salohiyatini oshirishga keng imkoniyat yaratishi e'tirof etildi.

Tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratish maqsadida qo‘shma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamg‘armalari tashkil etish, qo‘shma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish tashabbusi ilgari surildi.

Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini ta'sis qilish va uning birinchi yig‘ilishini 2020 yil O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

Kengashga a'zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat «Turkiy adabiyot xazinasi» nomli kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish zarurligi ta'kidlandi.

Beshinchidan, mamlakatimizning har doim turkiy dunyoning markaziy qismlaridan biri bo‘lib kelganligi, Buyuk Ipak yo‘lidagi Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarimiz bilan Turk-Islom tarixining iqtisodiy va madaniy beshigi sifatida e'tirof etilganligi bilan izohlanadi.

Bu borada yurtboshimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda nafaqat markaziy jug‘rofiy joylashuvi va ortib borayotgan imkoniyatlari bilan o‘zining qardosh mamlakatlari uchun, balki butun mintaqani rivojlantirish uchun yangi va zamonaviy takliflar ilgari surilayotganligi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni paytda, Turksoy xalqaro madaniyati tashkilotiga a'zo davlatlar madaniyat vazirlari kengashining Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan 37-yig‘ilishida ko‘hna Xiva shahrining 2020 yilda «Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» deb e'lon qilinishi ham qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga, abadiy do‘stligimizni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi.

Shuningdek, Islom ta'lim, fan va madaniyat tashkilotiga (ISESCO) a'zo davlatlar madaniyat vazirlarining 2019 yil

18 dekabrda Tunisda bo‘lib o‘tgan 11-Islom konferensiyasida Buxoro shahrining 2020 yil 1 yanvardan Islom madaniyati poytaxti deb e'lon qilinganligi ham mamlakatimiz o‘zining boy milliy va tarixiy merosi bilan jahon tamadduniga ulkan va bebaho hissa qo‘shib kelayotganligidan dalolat beradi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu xalqaro e'tirof muhtaram Prezidentimizning ellarni ellarga yaqinlashtirish, kelajakni o‘ylab ish tutishdek buyuk maqsadni amalga oshirishga qaratilgan qat'iy siyosiy irodasi, dono rahbarligi va faol diplomatiyasi mahsulining natijasi hisoblanadi hamda har birimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi», deyiladi maqolada.

Ma'lumot uchun, TURKSAV​ mukofotini topshirish marosimi joriy yilning may oyida Anqarada Turkiya parlamenti, hukumati, keng jamoatchiligi, ishbilarmon doiralari va san'at arboblari ishtirokida tantanali tarzda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top