21:18 / 10.01.2020
5
59818

IIV Chimyonda snegoxod odamlarni bosib ketgan holat bo‘yicha ma'lumot berdi

«Chimyon» tog‘-chang‘i dam olish oromgohida snegoxod va havo to‘ldirilgan matrasda uchayotgan dam oluvchilar o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

«2020 yil 5 yanvar kuni taxminan soat 11:00larda 17 yoshli B.Ye. Bo‘stonliq tumani «Chimyon» tog‘-chang‘i dam olish oromgohida «YAMAHA VK540B» rusumli qor-chang‘i transportini boshqarib ketayotganida, tepalikdagi qiyalikdan havo to‘ldirilgan matrasda tushib kelayotgan 22 yoshli M.M., 23 yoshli A.A. va 20 yoshli A.A.ni bosib ketgan.

Oqibatda jabrlanuvchilar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, ulardan biri og‘ir ahvolda.

Mazkur holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, sizdan respublikamizning tog‘li hududlarida dam olish vaqtida ehtiyotkor bo‘lishingizni va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilishingizni so‘raymiz», deyiladi Tergov departamenti xabarida.

Avvalroq, «Amirsoy» tog‘-chang‘i kurortida yosh chang‘ichi yo‘qolib qolgan, qidiruv ishlari natijasida u chang‘i trassasidan tashqarida jonsiz holda topilgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top