00:01 / 10.01.2020
0
42299

Turkmanistonda diktatorning ag‘darilishi haqidagi film sababli AQShga qarshi tashviqot boshlandi 

Foto: Netflix

Turkmanistonning Lebop viloyati ma'muriyati AQShga qarshi tashviqot o‘tkazishni boshladi.

“Xronika Turkmenistana” nashrining xabar berishicha, hokimlarning madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Milliy xavfsizlik vazirligi va prokuratura xodimlari yuqori sinflar o‘quvchilari va budjet tashkilotlari xodimlari bilan maktablarda va madaniyat uylarida majlislar o‘tkazib, ularda AQSh Turkmanistonni yo‘q qilishga harakat qilayotgan dushman davlat ekanligi uqtirilmoqda.

Bunga esa 2019 yil dekabrda AQShning Netflix striming xizmatida chiqarilgan “6 Underground” (“Qonundan tashqari oltilik”) filmi sabab bo‘lgan.

Ushbu film voqealariga ko‘ra, bir milliarder Turgiston nomli davlatda Rovach ismli diktatorni hokimiyatdan ag‘darish maqsadida jamoa yig‘adi. Taxmin qilinishicha, diktator prototipi sifatida Turkmaniston prezidenti olingan. Filmning ba'zi lavhalarida Turkmanistonning davlat ramzlari va turkman tilidagi yozuvlar qo‘llangan. Bundan tashqari, Rovach (Rivoj) Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning sevimli otlaridan biri hisoblanadi.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu film turkmanistonlik amaldorlarni rostmana qo‘rqitib yuborgan. Turkmanobod (Sobiq Chorjo‘y) shahrida film sababli barcha videoprokat do‘konlari yopilgan.

Keyinroq AQSh elchixonasida ushbu holat yuzasidan izoh berilgan.

“Bu film xususiy ko‘ngilochar kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan badiiy asar hisoblanadi. AQSh va AQShning Ashxoboddagi elchixonasi Turkmaniston bilan mustahkam va sermahsul munosabatlarga sodiqdir. Bu Vashingtonda yaqinda muvaffaqiyatli o‘tgan har yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlar, S5+1 guruhi doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, davlatlarimiz o‘rtasida o‘sib borayotgan iqtisodiy va savdo munosabatlari, biz o‘zaro hamkorlik qilayotgan ko‘plab ta'lim va madaniy dasturlar bilan o‘z tasdig‘ini topadi”, deb ta'kidlab o‘tilgan AQSh elchixonasida. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top