01:41 / 11.01.2020
0
38051

Afrikaning eng boy ayoli azaldan Rossiya fuqarosi ekanligi ma'lum bo‘ldi

Foto: Reuters

Angola sobiq prezidentining qizi, Afrikaning eng boy ayoli Izabel dush Santush tug‘ilganidayoq Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan. Bu haqda Rossiya IIVga tayanib «RIA Novosti» xabar qildi.

«Mazkur shaxs Rossiya fuqaroligini olmagan, chunki unda fuqarolik ilgaritdan bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Avvalroq qator OAV dush Santush Angolada o‘ziga nisbatan jinoiy ish boshlanganidan keyin Rossiya fuqaroligini olgani to‘g‘risida xabar tarqatgandi. 

U TASS muxbiri bilan suhbatda unda azaldan Rossiya fuqaroligi bo‘lganini ma'lum qildi.

«Men tug‘iliboq Rossiya fuqarosi bo‘lganman», — dedi u.

Angola sudi Izabel dush Santushga nisbatan o‘tgan yil oxirida ish qo‘zg‘atgandi. 31 dekabr kuni uning va turmush o‘rtog‘ining hisobraqamlariga taqiq qo‘yildi. Angola bosh prokuraturasining ta'kidlashicha, u davlat g‘aznasiga 1 mlrd dollardan ortiq zarar keltirgan shubhali operatsiyalarni amalga oshirishda gumon qilinmoqda.

Dush Santush 2016–2017 yillarda Angoladagi eng yirik Sonangol davlat neft kompaniyasini boshqargan, rahbarlikdan bo‘shagach esa mamlakatni tark etgan. Exspresso gazetasining yozishicha, u turmush o‘rtog‘i Sindika Dokolo bilan birga Dubayga ko‘chib o‘tgan.

Izabel dush Santush 1973 yilda Bokuda Joze Eduardu dush Santush va penzalik Tatyana Kukanova (hozirda Britaniya fuqarosi) oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi 1979 yildan 2017 yilgacha Angolaga prezidentlik qilgan. 

Forbes jurnali ma'lumotiga ko‘ra, Izabel dush Santushning boyligi 2,2 mlrd dollar bo‘lib, u Afrikaning eng boy ayoli hisoblanadi. 

Dush Santush Rossiya fuqarosi ekanligi inobatga olinadigan bo‘lsa, u rossiyalik eng boy ayol ham hisoblanadi. Forbes o‘tgan yili Moskva sobiq merining sobiq rafiqasi Yelena Baturinani Rossiyaning eng boy ayoli deb topgandi (1,2 mlrd dollar).

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top