12:24 / 11.01.2020
8
145798

Bosh prokuratura Gulnora Karimova yashash manzillarida topilgan san'at ashyolari haqida bayonot berdi

Foto: pinterest.com/realgoogoosha

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi tomonidan tegishli soha idoralari ishtirokida Shveytsariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Latviya va boshqa davlatlar vakolatli idoralari bilan hamkorlikda Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan aktivlarni qaytarish masalasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Bosh prokuratura bu haqda rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, Shveytsariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda ekspertlarni jalb qilingan holda Gulnora Karimovaning Jyeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san'at ashyolari (kartinalar, amaliy san'at va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning milliy boylikka taalluqliligini aniqlash hamda ularning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Avval Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi yashash manzillarida 985 turdagi tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyatga ega qimmatliklar deb topilgan hamda umumiy qiymati 12,7 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan san'at asarlari (kartina, so‘zana, milliy taqinchoqlar, sopol, yog‘ochdan ishlangan milliy hunarmandchilik asarlari va hokazolar) aniqlangan va xatlangan.

Qayd etilgan kartinalar va san'at asarlari sud hukmiga ko‘ra davlat egaligiga o‘tkazilib, O‘zbekiston amaliy san'ati va hunarmandchilik tarixi Davlat muzeyi, Farg‘ona viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Andijon viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Chirchiq shahar tarix muzeylariga topshirilgan, deyiladi bayonotda.

Bundan oldin, Toshkentda Gulnora Karimovaga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi boshlangani xabar qilingandi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top