21:50 / 13.01.2020
1
14593

Tuya «Toshkent-Moskva» poyezdini 44 daqiqaga ushlab qolgani ma'lum bo‘ldi

Rossiyaning Astraxan oblastida «Toshkent-Moskva» yo‘lovchi poyezdi temir yo‘l izlariga chiqib olgan tuya sababli 44 daqiqaga ushlanib qolgan. Bu haqda “RIA Novosti” axborot agentligiga Volgabo‘yi temir yo‘l matbuot xizmatida ma'lum qilindi.  

Avvalroq Pikabu portalida temir yo‘l izlarida mashinistning signallariga qaramay poyezd oldida ketayotgan tuya videosi joylashtirilgan. Videoni olgan erkak tuya dastlab 22 km/soat tezlik bilan yugurgani, keyin esa tezligi 13 km/soatgacha tushib ketganini aytgan hamda u umuman yo‘llarga yotib olishidan xavotir bildirgan.

Ta'kidlanishicha, voqea Volgabo‘yi temir yo‘lida 5 yanvarda yuz bergan.

Xabarda ta'kidlanishicha, poyezd mashinisti “beparvo” tuya sababli harakatini sekinlashtirishga majbur bo‘lgan. Natijada poyezd keyingi stansiyaga 44 daqiqalik kechikish bilan kelgan. Ushbu hodisa poyezdlar qatnovi jadvaliga ta'sir qilmagan.

Temir yo‘l ma'muriyatida ta'kidlanishicha, hayvonlar temir yo‘l izlariga chiqishi holatlari bo‘yicha barcha materiallar huquq-tartibot idoralariga topshiriladi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top