20:44 / 16.01.2020
1
21316

Buxorodan kimlar Oliy Majlis Senati a'zolari etib saylandi?

16 yanvar kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, faollar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Istamov kirish so‘zi bilan ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Istamovning taklifi bilan 15-Losha saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati Farmon Aminov qo‘shma yig‘ilishning raisi etib tasdiqlandi.

Qo‘shma majlis kun tartibiga bitta — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga Buxoro viloyatidan Senat a'zolarini saylash to‘g‘risidagi masala kiritildi.

Qonunchilikka muvofiq, Senat a'zolari saylovi yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Sanoq komissiyasining raisi qo‘shma majlis ishtirokchilariga yashirin ovoz berish tartibini tushuntirdi.

Shundan so‘ng deputatlar yashirin ovoz berish kabinalarida Senat a'zoligiga nomzodlar uchun ovoz berdilar.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra 6 nafar nomzod:

26-«Chelong‘u» saylov okrugidan saylangan viloyat Kengashi deputati, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Isoyevich Barnoyev;

2-«Varaxsha» saylov okrugidan saylangan viloyat Kengashi deputati, respublika «Oila» ilmiy- amaliy tadqiqot markazining Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Abera Amanovna Huseynova;

60-«Jumabozor» saylov okrugidan saylangan viloyat kengashi deputati, Olot tumanidagi «Parvoz Humo Ravnaq Trans» MChJ ta'sischisi Nurmuxamed Nurullayevich Achilov;

41-«O‘zbekiston» saylov okrugidan saylangan viloyat kengashi deputati, respublika Moliya vazirligi departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari Erkin Fayziyevich Gadoyev;

27-«Bog‘iturkon» saylov okrugidan saylangan viloyat kengashi deputati, «Buxoro Kotton Tekstil Klaster» paxta-to‘qimachilik klasteri ta'sischisi Murtazo Ahmedovich Rahmatov;

3-«Do‘stlik» saylov okrugidan saylangan Olot tuman kengashi deputati, respublika Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatgan Shuhrat Asqarovich Cho‘lliyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zoligiga yakdillik bilan saylandilar. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top