08:01 / 20.01.2020
1
8714

Toshkent shahrida jamoat transportiga xususiy sektor jalb etildi

Foto: Toshshahartransxizmat

“Toshshahartransxizmat” AJ negizida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonalar faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish maqsadida dastlabki qadam tashlandi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, “Alixan trans servis” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga shu kungacha “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan xizmat ko‘rsatib kelingan 129-“Aviasozlar shaharchasi — Yunusobod 17-mavze” yo‘nalishi tenderga qadar ushbu korxonaga biriktirildi.

Korxona tomonidan yo‘nalishga Xitoyda Germaniya texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan “Asia star” rusumli 11 ta avtobuslar qo‘yildi. Ushbu avtobuslarning dvigatel qismi “Yevro5” standarti asosida ishlab chiqarilgan. Gaz yoqilg‘isi bilan harakatlanuvchi mazkur transport vositasi 70 ta yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, barcha qulayliklarga ega. Jumladan, konditsioner, pandus (nogironligi bo‘lgan shaxslarning chiqib tushishlari uchun mo‘ljallangan yo‘lak), 5 ta kuzatuv kamerasi, monitor, dvigatelda yong‘inga qarshi ishlovchi avtomat tizim bilan jihozlangan. 

Mazkur korxona faoliyati shahar yo‘nalishida to‘la o‘rganiladi va boshqa yo‘nalishlarga ham xususiy sektorni keng jalb etish choralari ko‘riladi, deyilgan xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top