08:00 / 22.01.2020
0
10739

Oliy o‘quv yurtlari pedagog xodimlari uchun bir yillik mehnat shartnomalari joriy etilishi mumkin

2020 yilda ta'lim sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb masalalar, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar va islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarning «yo‘l xaritasi» tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.

«Yo‘l xaritasi»da amalga oshirish belgilangan asosiy masalalar ichida Pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari ham o‘rin olgan.

Xalq ta'limi tizimidagi pedagog xodimlarning kasbiy mahorati hamda o‘z fanidan bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz rivojlantirib borish maqsadida bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda kasbiy sertifikatsiya (litsenziya) tizimini joriy qilish va yuqori malaka toifasiga ega o‘qituvchilar oylik ish haqlarini oshirib borish tizimiga o‘tish mo‘ljallangan.

Pedagogik ta'lim sohasini yanada rivojlantirish, xususan yoshlar seleksiyasini kuchaytirish, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ta'lim muddatini optimallashtirish, pedagogika oliy ta'lim tarmog‘ini kengaytirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlarni belgilash ham nazarda tutilgan.

Bunda «Musiqa ta'limi», «Jismoniy madaniyat», «Texnologik ta'lim», «Chaqiriqqacha harbiy ta'lim», «Tasviriy san'at va muhandislik grafikasi», «Milliy g‘oya, ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi», «Geografiya o‘qitish metodikasi» yo‘nalishlari bo‘yicha ta'lim muddatlarini qayta ko‘rib chiqish taklif qilinmoqda.

Oliy ta'lim muassasalariga pedagog-xodimlarni ishga qabul qilish tartibi takomillashtiriladi.

Oliy ta'lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibini takomillashtirish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda:

·        vakant pedagogik lavozimlar haqida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi veb-saytining maxsus sahifasida markazlashgan holda e'lonlar berib borish tizimiga o‘tish;

·        pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish jarayonini soddalashtirish;

·        pedagog xodimlar lavozimi uchun belgilangan besh yillik muddatni qayta ko‘rib chiqish hamda bir yillik mehnat shartnomalarini joriy etish.

Xalq ta'limi tizimida xodimlarning kasbiy malakasini uzluksiz oshirishga qaratilgan tartib joriy qilinadi.

Bunda maktab ta'limining real ehtiyojidan kelib chiqib, istiqbolda kadrlar tayyorlash rejasi ishlab chiqiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top